O‘zbekiston | 14:08 / 10.05.2023
16288
5 daqiqa o‘qiladi

“Nukus voqealari”da ayblangan ikki sudlanuvchiga sirtdan hukm o‘qildi

«Alga Karakalpakstan» harakati yetakchisi Amanbay Sagidullayev va Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Niyetbay Urazbayev sud tomonidan Nukus voqealarini uyushtirishda aybdor deb topildi. Ayblanuvchilar sirtdan 18 va 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

10 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan sudlanuvchilar Amanbay Sagidullayev (1967 yilda tug‘ilgan) va Niyetbay Urazbayev (1969 yilda tug‘ilgan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayonini yakunladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Oliy sudi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Sultanmurat Davletmuratov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilgan.

“Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasiga (Sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki) asoslanib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lganligi va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi bois ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi A.Sagidullayev va N.Urazbayevning ishtirokisiz o‘tkazildi”, deyiladi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov tomonidan e’lon qilingan xabarda.

Amanbay Sagidullayev. Foto: Kaktus.media

Sud tomonidan:

  •  Amanbay Sagidullayev Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1- va 4-qismlari, 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan;
  •  Niyetbay Urazbayev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
Niyetbay Urazbayev. Foto: Bureau.kz

Shuningdek, sudlanuvchilarning aybidan Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ushbu harakatlar Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli) chiqarilgan.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan internet tarmog‘idagi Amanbay Sagidullayevga tegishli sahifalar, kanallar bloklanishi belgilangan.

“Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma’lum qilinadi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Oliy sud avvalroq ayni paytda Norvegiyada yashovchi 55 yashar Amanbay Sagidullayev hamda Qozog‘istonda istiqomat qiluvchi 53 yashar Niyetbay Urazbayev Nukus voqealari bo‘yicha jinoiy ishda ayblanayotgani va ularga nisbatan o‘tkazilayotgan sud ochiq bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergandi.

“Har bir millatning ichidan shovinistlar, ultra millatchilar chiqishi mumkin. Bunday odamga ergashadiganlar ham topiladi. Qoraqalpog‘istondagi taloto‘plar tag zamirida ham ana shunday shovinizm bor. Tuzalmaydigan separatistlarga nisbatan esa huquqiy choralar ko‘rish lozim”, deb yozgandi “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Amanbay Sagidullayev haqida.

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida tashkil etilgan qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi, qo‘shni davlat Xalqlar assambleyasi a’zosi bo‘lgan Niyetbay Urazbayevga nisbatan 2022 yilning oktyabrida O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgani uchun davlatlararo qidiruvga bergani ma’lum bo‘lgandi.

IIV saytidagi Qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidagi ma’lumot Foto: Kun.uz

O‘zbekiston IIV tomonidan Qozog‘istonga yuborilgan rasmiy xatda ushbu davlat fuqarosi bo‘lgan Urazbayevni qo‘lga olish va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish so‘ralgan. Ushbu so‘rovga javoban Niyetbay Urazbayev Qozog‘iston IIVning qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, “Alga Karakalpakstan” (“Olg‘a Qoraqalpog‘iston”) separatistik harakati Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishini targ‘ib qilib keladi.

Eslatib o‘tamiz, 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklar kuzatilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 19 nafar kishi qurbon bo‘lgan. Nukus voqealari bo‘yicha ikki alohida sud majlisi yakunlariga ko‘ra 22 nafar va 39 nafar sudlanuvchiga hukm chiqargan edi.

Mavzuga oid