Bugun, 2023 yil 31 yanvar kuni, Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Yelubay Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

Salamat Kalilayev Jinoyat kodeksi (JK)ning 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan dastlabki uy qamog‘ida o‘tirgan 6 oy 4 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 5 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilib, jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilandi;

Berdaq Genjyebayev JKning 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismi «b» bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a» bandi va 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi tartibida, dastlabki qamoqda saqlangan 1 oy 19 kuni chegirilib, o‘tash uchun 4 yil 10 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilib, unga nisbatan qo‘llangan uy qamog‘i ehtiyot chorasi bekor qilindi.