O‘zbekiston | 22:05 / 12.05.2023
21018
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zLiDeP» Mirziyoyevni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatadi

Ayni vaqtga kelib to‘rt partiyaning prezidentlikka nomzodlari ma’lum bo‘lib ulgurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«O‘zLiDeP» siyosiy kengashi amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda partiya Siyosiy kengashining navbatdagi majlisida qaror qabul qilingan.

Majlisda muddatidan ilgari o‘tadigan prezidentlik saylovida «O‘zLiDeP»ning ishtiroki va partiyaning navbatdagi qurultoyida partiyadan ko‘rsatiladigan nomzod masalasi muhokama qilingan.

«O‘zLiDeP Siyosiy kengashi a’zolari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatish masalasini navbatdagi partiya S’yezdi muhokamasiga kiritilishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar», deyiladi O‘zA xabarda.

Shu tariqa, ayni vaqtga kelib «Milliy tiklanish»dan boshqa to‘rt partiya prezidentlikka nomzodlarini aniqlab bo‘ldi.

Ekologik partiya va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyalari o‘z rahbarlari Abdushukur Hamzayev va Ulug‘bek Inoyatovni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatadi. «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi nomzod ko‘rsatish bo‘yicha bo‘lajak qurultoyda ko‘rib chiqish uchun Robaxon Anvarovna Mahmudova nomzodini ma’qulladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid