22:03 / 03.07.2023
45547

Prigojin Belarusga «ketganidan» keyin birinchi marta aloqaga chiqdi 

«Bizga yordamingiz kerak. Tez orada frontdagi navbatdagi g‘alabalarimizni ko‘rasiz», dedi u. 

Foto: TASS

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin so‘nggi hafta ichida birinchi marta audio xabar yozdi. U guruhga yaqin bo‘lgan Grey Zone telegram kanalida e’lon qilindi. 

«Bugun biz yordamingizga har qachongidan ham muhtojmiz. Buning uchun rahmat. «Adolat yurishi» sotqinlarga qarshi kurashish, jamiyatni birlashtirishga qaratilganini tushunishingizni istardim. O‘ylaymanki, biz ko‘p narsaga erishdik», dedi u. 

Prigojin, shuningdek, yaqin kelajakda hamma «frontdagi navbatdagi g‘alabalarni ko‘rishiga» ishonch bildirdi. 

Biroq, «Vagner» asoschisi kelajakdagi rejalari va qayerda ekani haqida ma’lumot bermadi. 

Avvalroq, qurolli isyondan keyin, Prigojin faqat bitta bayonot bilan chiqdi. 26 iyun kuni uning matbuot xizmati 11 daqiqalik audioyozuvni e’lon qildi. Prigojin unda sodir bo‘lgan voqealar haqida o‘z talqinini aytib, «rejimni ag‘darish» niyatida bo‘lmaganiga ishontirdi. 

Kremlning xabar berishicha, isyonni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv doirasida Prigojin Belarusga «jo‘nab ketadi». 

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 27 iyun kuni Prigojin haqiqatan ham mamlakatida ekanini tasdiqladi.

Avvalroq, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu birinchi marta Prigojinning qurolli isyoni haqida fikr bildirgandi.

Mavzu
Prigojin isyoni
23 iyun kuni kechqurun «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligini vagnerchilarga hujum qilishda ayblab, «adolat marshi» e’lon qildi. 24 iyun kuni uning qo‘shini Rostovni egallab, Moskva tomon yo‘lga tushdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top