O‘zbekiston | 10:45 / 01.09.2023
31487
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi ikki post ochildi

O‘zbekiston va Qirg‘izistonning Marhamat hamda Aravon tumanlarini bog‘laydigan Mingtepa/Qora-Bog‘ish chegara o‘tkazish punkti ochildi. Shuningdek, Andijon va Jalolobod viloyatlarini bog‘lovchi Xonobod/Bek-Obod chegara o‘tkazish punkti ham ochilgan.

1 sentabr kuni Andijon viloyatida 2009 yildan buyon yopiq bo‘lgan «Mingtepa» va «Xonobod» o‘zbek-qirg‘iz chegara bojxona postlari ochildi.

Marhamat tumanida joylashgan, Qirg‘izistonning Aravon tumani bilan bog‘lovchi «Mingtepa» (Mingtepa/Qora-Bog‘ish) chegara posti avval 0,5 gektar maydonda joylashgan, hozirda esa 1,12 gektar maydonni egallaydi.

Marhamat tumanidagi Qirg‘iziston bilan chegara posti ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qatnashib, ikki elni birlashtiruvchi rejalardan yana biri amalga oshgani bilan tabrikladi.

«Avvalambor barchangizni kecha siz nishonlagan Qirg‘iziston mustaqilligi kuni bilan, bugun O‘zbekistonimizda nishonlanayotgan Vatanimiz mustaqillik bayrami bilan chin yuragimdan tabriklayman. Hurmatli prezidentimiz tashabbuslari bilan, qolaversa Qirg‘iziston prezidenti qo‘llab-quvvatlovi bilan ikki elni birlashtirish bo‘yicha juda katta-katta ishlar amalga oshirilyapti», — deydi viloyat hokimi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, kunduzgi vaqtda faoliyat olib boruvchi xalqaro maqomdagi «Mingtepa» chegara bojxona postida bir kunda 4−5 ming fuqaro hamda 200 tagacha avtotransport vositasi o‘tishi va qaytishi mumkin.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning eng sharqiy hududidagi Xonobod shahrida joylashgan «Xonobod» (Xonobod/Bek-Obod) chegara bojxona postining ham ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu post ham 2009 yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgandi.

Avval 1,3 gektar maydonda joylashgan post bugungi kunda 2,2 gektar maydonda qayta tashkil etilgan.

Uzluksiz faoliyat olib boruvchi xalqaro maqomdagi ushbu postda kuniga 9−10 ming fuqaro hamda 300 tagacha avtotransport vositasi harakatlanishi mumkin.

Tadbirda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov nutq so‘zlab, Shavkat Mirziyoyev u bilan bog‘langani va hammani uning nomidan tabriklashini aytganini bildirdi.

«Hozir yo‘lda kelayotsam, hurmatli prezidentimiz aloqaga chiqib, hammani mening nomimdan tabriklagin, dedi», — deya ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, 1 sentabrdan ikki davlat fuqarolari ID kartalar orqali («zagran» pasporsiz) ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit o‘tish, harakatlanish va unda bo‘lib turishlari mumkin bo‘ldi.

Mavzuga oid