Iqtisodiyot | 16:23 / 14.09.2023
46232
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Chevrolet Captiva sotuvi qayta tiklanishi mumkin

Yaqin kunlarda O‘zbekistonda Captiva-5 sotuvlari boshlanishi mumkin. UzAuto rasmiy vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni paytda sinov jarayoni o‘tkazilmoqda. Narxlarni sotuvlar boshlanishidan oldin e’lon qilish rejalashtirilgan.

Foto: Kun.uz

UzAuto Motors'ning ilk ommaviy aksiyalari sotuvida anderrayter vazifasini bajargan Freedom Broker hisobotida ham kompaniya rejalarida 2023 yildan Captiva importini boshlash ko‘zda tutilgani keltirib o‘tilgandi.

Hozirda UzAuto Motors dilerlik markazlaridan faqatgina Onix va Tracker-2 kabi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan modellar, shuningdek, Malibu-2, Equinox, Traverse, Tahoe-2 kabi import avtomobillariga shartnoma olish mumkin.

Chevrolet Captiva avtomobili mamlakat bozoriga bundan 16 yil oldin kirib kelgan. Ilk bor avtomobilni yirik tarmoqli yig‘ish 2007 yilning oktyabr oyidan boshlangan. 2011 yilning sentabr va 2017 yilning fevral oylarida avtomobilning yangilangan modeli chiqarilgan. 2018 yilning kuzidan boshlab krossover sotuvdan olib tashlangandi.

Keyinchalik, 2021 yilning kuzida UzAuto Motors Chevrolet Captiva sotuvi qayta tiklanganini e’lon qildi va bir qancha iste’molchilar bilan shartnomalar tuzgandi. Lekin ma’lum muddat o‘tganidan keyin bu jarayon to‘xtatildi. Sabab sifatida esa Captiva-5'ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi aytilgandi. O‘sha paytda mazkur avtomobil 221 mln 691 ming so‘mdan 309 mln 900 ming so‘mgacha narxda sotuvga chiqarilishi xabar qilingandi.

  • Freedom Broker hisobotida, shuningdek, UzAuto Motors 2023 yil oxiridan Chevrolet Lacetti ishlab chiqarishni to‘xtatishi, shu yil Chevrolet Cadillac importini boshlashi ham ma’lum qilingandi. Hujjatda kompaniya 2026 yildan boshlab nomi oshkor qilinmagan yangi Chevrolet modelini ishlab chiqarishni boshlashi ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid