O‘zbekiston | 18:46 / 19.12.2023
18347
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari korrupsion jinoyatlarda gumonlanmoqda

Saidahmad Sultonov Jinoyat kodeksining 205- va 206-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar – vakolatini suiiste’mol qilish va vakolati doirasidan chetga chiqishda gumonlanib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Namangan viloyati sudi viloyat hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saidahmad Sultonov qamoqqa olinganini tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida Namangan viloyati prokurori o‘rinbosarining Saidahmad Sultonovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqilgan.

Hokim o‘rinbosari Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 206-moddasi 2-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

U Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi 2023 yil 16 dekabrdagi ajrimi bilan Namangan viloyati prokurori o‘rinbosarining iltimosnomasini qanoatlantirgan va gumon qilinuvchi Saidahmad Sultonovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.

  • 48 yoshli Saidahmad Sultonov 2020 yil oktyabrdan buyon Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
  • Kun.uz manbasiga ko‘ra, so‘nggi bir oyda korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari doirasida o‘nga yaqin mansabdor shaxs qo‘lga olingan.
  • Xususan, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev, Soliq qo‘mitasi va Toshkent shahar soliq boshqarmasi mansabdorlari, Markaziy bankning Buxoro viloyati bo‘yicha boshlig‘i Erkin Mansurov, Buxoro tumanining sobiq hokimi Xayrullo Jo‘rayev qamoqqa olingan.

Mavzuga oid