O‘zbekiston | 21:55 / 23.01.2024
29815
15 daqiqa o‘qiladi

Ochiq muloqot: Maishiy texnikachilar va Otabek Bakirov bahsi

Maishiy texnika ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga imtiyozlarning yangi paketi tasdiqlandi. Bu haqdagi tanqidlarga Artel rahbarining shaxsan o‘zi javob berishga qaror qildi. Shu asnoda Kun.uz studiyasida bir tomondan iqtisodchi Otabek Bakirov, ikkinchi tomondan Artel boshqaruvi raisi Shohrux Ro‘ziqulov, “Texnopark” direktori Sarvar Ahadov va “Premier” brendi vakili Zafar Yusupov ishtirokida jonli efirdagi qizg‘in bahs bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqot qanday yuzaga keldi?

10 yanvar kuni O‘zbekistonda elektrotexnika sohasidagi proteksionizmni davom ettirishga oid yangi choralar tasdiqlandi. Bu sohadagi mahalliy kompaniyalarga soliqlar, bojxona to‘lovlari va kreditlar bo‘yicha navbatdagi imtiyozlar berildi, davlat xaridlaridagi preferensiyalar ham kengaytirildi.

Bunga qo‘shimcha tarzda, 1 fevraldan boshlab maishiy texnikalar importi bo‘yicha yangi talab kiritilyapti. Unga ko‘ra, alyumin radiator, televizor, konditsioner, kir yuvish mashinasi kabi 18 xil turdagi import tovarlarni chetdan olib kirishda ishlab chiqaruvchi kompaniyaning O‘zbekistonda rasmiy dileri va servis markazlari bo‘lishi talab etiladi.

Shuningdek, hukumatning tegishli komissiyasiga elektrotexnika korxonalarini yanayam ko‘proq qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rish vakolati berildi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligidagi bu komissiya, 2023 yil 25 dekabrdagi protokolga asosan, maishiy texnika importiga intidemping bojlarini joriy etish, bu sohadagi mahalliy kompaniyalarga eksportda valuta kursini hedj qilish va xomashyo importidagi transport xarajatlarini qoplab berishni taklif qilgan.

10 yanvarda imzolangan qarorni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan. Qaror loyihasining ekspertiza uchun Adliya vazirligiga va kelishish uchun Savdo-sanoat palatasiga kiritilgan variantlarida xorij brendlarining dilerlariga oid talab bo‘lmagan. Bundan tashqari, hujjat loyihasi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashida ham muhokama qilinmagan.

Raqobat qo‘mitasi bu hujjatda raqobatga zid holatlar yo‘q deb hisoblashini bildirdi. Kun.uz suhbatlashgan iqtisodchilar, xususan Otabek Bakirov buning teskarisini ta’kidlab, yangi imtiyoz va cheklovlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish harakatlariga zid ekani, sohadagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir qilishini aytdi. Bu intervyu e’lon qilingach, bu sohadagi eng yirik mahalliy ishlab chiqaruvchi – Artel kompaniyasi O‘zbekistondagi maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar nomidan murojaat e’lon qilib, shu mavzuda ochiq suhbat tashkil etishimizni so‘radi.

Shu munosabat bilan Kun.uz ochiq muloqot o‘tkazib, uni YouTube'da jonli efirga uzatdi. Avvaliga muloqotda ishtirok etish uchun tahririyatga ushbu bahsli qarorning mualliflaridan biri bo‘lgan “O‘zeltexsanoat” raisining birinchi o‘rinbosari Mansur Hoshimov ham kelgan edi, lekin uyushma vakillari bu suhbatda turli ishlab chiqaruvchilarning o‘nga yaqin vakillari qatnashishini so‘rab, bu so‘rovlari texnik sabablar va tomonlarning tengligi tamoyiliga ko‘ra rad etilgach, muloqotda ishtirok etishdan bosh tortdi. Shundan keyin suhbat bir tomondan iqtisodchi Otabek Bakirov, ikkinchi tomondan Artel Electronics kompaniyasining boshqaruv raisi Shohrux Ro‘ziqulov, “Texnopark” MChJ direktori Sarvar Ahadov va “Premier” korxonasi vakili Zafar Yusupov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Quyida ochiq muloqotning ayrim qismlari juz’iy qisqartirishlar bilan matn shaklida keltirib o‘tiladi.

Shohrux Ro‘ziqulov

Shohrux Ro‘ziqulov: Minbar so‘raganimiz sababini hamma tushunib turibdi. Maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar borasida 18 yanvar kuni chiqarilgan videodan keyin biz minbar so‘radik. Savollarimiz videoda bildirilgan fikrlar yuzasidan bo‘ladi.

Videoni ko‘rib turib, fikrlaringizning ayrimlarini tushunmadim. Men Kun.uz'dan ham biror ko‘rsatuvni boshlashdan oldin, savol qo‘yishdan oldin, ayrim narsalarni qaysidir ma’noda “tonkaya provokatsiya” bilan qo‘yishni sal o‘ylab ko‘rish kerak. [Intervyuda muxbir tomonidan] cheklovlar deb savol berilyapti. Men biror joyda cheklash degan narsani o‘qiganim yo‘q. Prezident qarori bo‘ladimi, Vazirlar Mahkamasi qarorimi... Sizning fikrlaringizga kelsak, siz birinch bo‘lib sog‘lom raqobatning buzilishi, cheklovlar ortidan taklifning kamayishi degan fikrlarni bildirdingiz, Progressiv islohotlar markazi eksperti Shohruxxo‘ja ham o‘z fikrlarini bildirdilar. Buning ortidan energosamaradorlik bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Bunday fikrlar bizga kerak. Biz ularni tahlil qilamiz, kerakli joylarini marketing, ishlab chiqarishga tatbiq etamiz. Bunaqa sog‘lom muloqot bo‘lishi tarafdorimiz. Shu vaqtgacha biz biror marta minbar so‘ramaganmiz, bu safar so‘radik. Siz kinoya bilan aytgan “10-30 ming ishchi”, men Artel'ning o‘zini aytyapman, bizdan so‘radi: “Videoda aytilgan parazit, boqimanda kim?” deb. Bu yerdagilar parazit so‘zining ma’nosini yaxshi biladi. Yana bularga kredit 5 foizdan berilyapti dedingiz.

Otabek Bakirov: Kredit liniyasi dedim, kredit demadim.

Shohrux Ro‘ziqulov: Men o‘zimning va korxonamning nomidan xohlasangiz ochiqchasiga hujjatlarni ko‘rsataman. Bir necha yildirki, Artel kompaniyasining O‘zbekiston banklaridan hech qanaqa qarzi yo‘q. Biz 2018 yildan boshlab kompaniyalarni konsolidatsiya qilib, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etib, Deloitte auditidan o‘tkazib, Fitch'dan reyting olib, shu kompaniyalarning hisobotlari asosida bugungi kunda chet el banklaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri 220 mln dollarlik qo‘l qo‘yilgan kreditim bor. Kerak paytda, o‘sha pulni ishlataman.

Otabek Bakirov: Aniqlik kiritib keta olasizmi, xalqaro standartlar asosida tuzilgan, konsolidatsiyalashgan va auditdan o‘tkazilgan hisobotingiz qayerga joylashtirilgan?

Shohrux Ro‘ziqulov: Avvalo, biz hali birorta bir ochiq moliya bozoriga chiqmaganmiz. To‘g‘ridan to‘g‘ri kreditni chet el bankidan olganman, u bankda va boshqa steykholderlarda mening hisobotim bor. Va menda har yili hisobot topshirish majburiyatim bor.

Otabek Bakirov: Ochiq manbada hisobot bormi yoki yo‘q?

Shohrux Ro‘ziqulov: Ochiq manbada yo‘q. Steykholderlarda bor.

Otabek Bakirov: O‘zini ochiq kompaniya deb hisoblagan kompaniyalar auditdan o‘tgan hisobotlarini ochiq e’lon qiladi.

Shohrux Ro‘ziqulov: O‘zini ochiq kompaniya deb e’lon qilgan kompaniyalar nima degani? Siz nega bilmasdan turib, bizdan so‘ramay turib barcha ishlab chiqaruvchilar, xususan biz haqimizda “bular sening hisobingdan arzon kreditlarni yeb yotibdi” degan fikrni aytdingiz?

Otabek Bakirov

Otabek Bakirov: Yeb yotibdi demadim. Mening javobim o‘zbekistonliklar uchun, ishlab chiqaruvchilar uchun emas. 2018 yil 29 iyundagi hujjat bilan O‘zbekistonda boj tariflari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, konditsioner, changyutkich, televizor, muzlatkich, radiator, kotyollar, vodonagrevatel, gaz pechlari, duxovkalar, mikroto‘lqinli pech, nasoslar uchun nol foiz boj edi. Nol foiz!

2018 yildan keyin nima bo‘lyapti? 2018 yil 21 dekabrda janob Ortiqxo‘jayev hokim etib tayinlanyapti. 2019 yil 4 yanvar “Eltexsanoat” tashkil etilyapti. 2019 yil 30 mayda elektrotexnika sohasidagi maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga haddan tashqari katta preferensiyalar, budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalardan yordamlar ko‘rsatilyapti. 2019 yil 5 iyulda Artel Engineering and Management departament direktori Mirziyod Yunusov “Eltexsanoat” uyushmasi raisi etib tayinlanyapti.

Shundan keyin nima bo‘lyapti? Shundan keyin konditsionerlarga 30 foiz (kamida 50 dollar), changyutkichlar uchun 20 foiz (kamida 15 dollar) muzlatkichlar uchun 20 foiz boj (kamida 20 dollar), TV monitorlar uchun 20 foiz boj (kamida 30 dollar), radiatorlar uchun 10 foiz boj (kilosiga kamida 0,5 dollar), kotyollar uchun 10 foiz boj, vodonagrevatellar uchun 5 foiz boj (kamida 15 dollar), gaz pechlari uchun 30 foiz boj (kamida 30 dollar), duxovka, mikroto‘lqinli pechlar uchun 20 foiz (kamida 20 dollar), nasoslar uchun 5 foiz boj o‘rnatilyapti. Bu – berilgan savolga umumiy javobimning bir qismi edi.

Javobimning 2-qismi. 2019 yilgacha jismoniy shaxslar O‘zbekiston hududiga xorijiy davlatlardan 1 oyda 1 marta maishiy texnika olib kirishi mumkin edi. 2019 yildan boshlab 6 oyda 1 marta deb belgilandi.

Endi o‘zingiz uchun o‘zingiz savolga javob bering: 2019 yilgacha ochiq bo‘lgan bozor nima uchun yopilib qoldi?

Men hech qaysi kompaniyaning nomini atab uni boqimanda deganim yo‘qman. O‘zbekistonda mahalliylashtirish niqobi ostida o‘zbekistonliklarni qimmat tovonga va tanlovsizlikka tushirayotgan butun boshli sanoat tizimini boqimanda deb atadim. Birinchi savolingizga javobim shu.

Ikkinchi savolga javob: agar qarorda cheklov so‘zi ishtilmagan bo‘lsa, bu qaror cheklamaydi degani emas. Agar bilsangiz, oldingi davrda hatto shunaqa qarorlar ham bo‘lardi: erkinlashtirish deb nomlangan qarorlar cheklash bilan bog‘liq bo‘lardi. Shuning uchun qaysidir sohada iste’molni, tanlovni cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan talablar bo‘lsa, qaror nomida yoki biror bandida cheklash degan so‘z ishlatilishi shart emas, lekin mohiyat bo‘yicha u cheklashdan iborat bo‘ladi.

Shohrux Ro‘ziqulov: Kredit bo‘yicha bergan savolimga javob bering.

Otabek Bakirov: Bu savolingizga javobim shunday. O‘zbekiston Respublikasi oxirgi marta 2023 yil 6 oktyabrda 8,125 foizdan kredit olgan. Respublika o‘zining suveren reytingini, iqtisodiy imkoniyatlarini garovga qo‘yib (ertaga to‘lovchilar baribir O‘zbekiston xalqi bo‘ladi), 8,125 foizdan kredit olayotgan bo‘lsak, nima uchun elektrotexnika sanoati uchun 5 foizdan kredit liniyasi ochib, 7 foizdan kredit berilishi kerak, degan savol qo‘yganman intervyuda.

Shohrux Ro‘ziqulov: Savolim boshqacha edi. Siz nega mening chet el bankidan kreditim borligini bilmasdan turib, o‘sha siz hamma degan joyga olib kirib ketdingiz?

Otabek Bakirov: “O‘zeltexsanoat”da 31 ta a’zo bor, siz barcha a’zolarning kredit borasidagi ma’lumotlariga egamisiz?

Shohrux Ro‘ziqulov: Yo‘q, ega emasman? Siz egamisiz?

Otabek Bakirov: Men o‘shanda “Eltexsanoat” a’zolari haqida gapirganman.

Shohrux Ro‘ziqulov: Siz egamisiz?

Otabek Bakirov: Sizning axborotingiz ochiq emas, ochiq bo‘lsa, ega bo‘lardim.

Shohrux Ro‘ziqulov: Ochiq manbalarda sohadagi hamma ishlab chiqaruvchilar imtiyozli kreditlardan foydalangan degan joyi bormi?

Otabek Bakirov: Qarorda “O‘zeltexsanoat” a’zolariga 5 foizdan kredit liniyasi ochilishi, 7 foizdan kredit berilishi yozilgan. Shu maqsadlarda Tashqi savdo vazirligi 400 mln dollar jalb qilishi masalasi ham qo‘yilgan. Shuning uchun savolni Artel'ga qo‘ymadim, “Eltexsanoat” a’zolariga nega 5 foizdan kredit liniyasi ochilib, imtiyozli 7 foizlik kredit ajratilishi kerak, degan savolni qo‘ydim. Bu mantiqli savolmi yoki mantiqsiz?

Sarvar Ahadov

Sarvar Ahadov: Men ozgina qo‘shimcha kiritmoqchiman. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan yashil energetikani rivojlantirish maqsadida energosamaradorlik uchun har xil kredit liniyalar ajratiladi. Energosamaradorlik bilan ishlaydigan mahsulotni ishlab chiqarmoqchi bo‘lsangiz, qaysidir bank shu kreditni 1 foizdan ham beradi. 5 foiz, 7 foiz deyapsiz, ularni inkor qilmaysiz-ku.

Otabek Bakirov: Men qarorda nazarda tutilgan imtiyozli kreditni aytdim, qarorni muhokama qilyapmiz biz.

Sarvar Ahadov: Biz noto‘g‘ri tushunayotgan ekanmiz. Biz siz bildirgan fikrlar yuzasidan minbar so‘rab keldik, biz qarorga izoh bera olmaymiz.

Siz “cheklov” deb atayotgan narsani biz “tartibga solish” deb hisoblaymiz. Qaysi davlat bo‘lsa ham, u Xitoy bozori bo‘ladimi, Turkiya bozori bo‘ladimi, Rossiya bozori bo‘ladimi, tartibga solinadi. Biz, masalan, 16 dona muzlatkichni Turkiyaga olib kira olmadik. O‘sha bozorda dunyoga mashhur kompaniyalar bor, turli yo‘llar bilan tartibga solgan. Texnik jihatdan tartibga solish talabini yuqori qo‘ygan yoki boshqa o‘yinchilar kira olmaydigan qilib qo‘ygan. Har bitta bozor o‘zining ishlab chiqaruvchisini rivojlantirishni birinchi o‘ringa qo‘yadi, eksport salohiyatini rivojlantirish uchun tartibga soladi. O‘tgan yili “Texnopark” 60 mln dollarlik eksport qildi, sohadagi korxonalarning jami eksporti esa 1 mlrd dollarga yetdi.

Otabek Bakirov: 1 mlrd dollarning ichida mis ham bormi?

Sarvar Ahadov: Buni men bilmayman.

Otabek Bakirov: Eksport masalasida bir narsani aytib ketish kerak. Bizning statistikamiz tovarlar qirqimida statistika bermaydi, agar bersa, muammolarimiz ochilib qoladi. BMTning ochiq ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2023 yilning 10 oyida ro‘yxatdagi [dilerlik talabi taalluqli bo‘lgan] 13 ta mahsulot eksporti 186 mln dollarni tashkil etgan. Bu 2022 yilning 10 oyi bilan (209 mln dollar) solishtirganda 12,2 foizga kam. Ichki bozorni qancha cheklasak, ichki bozordagi kompaniyalar ham raqobatbardoshligini yo‘qotadi.

Yana bir masala: “O‘zeltexsanoat” uyushmasining jami 31 a’zosidan 15 a’zosining sayti yo‘q, ochiq manbalardan nima ishlab chiqarishini aniqlash qiyin. 9 ta a’zo Artel bilan affillangan, ya’ni Artel mahsulotlarini sotadi, ta’sischisi bir. Uyushma saytida ko‘rsatilgan 4 ta a’zo allaqachon likvidatsiya bo‘lib ketgan. Yo‘q bo‘lsa ham saytida turibdi, bu – uyushma ko‘p ishlab chiqaruvchilarni himoya qiladi deyish uchun bo‘lsa kerak.

Uyushmaning Artel'ga aloqador bo‘lmagan maishiy texnika ishlab chiqaruvchi bir qator a’zolarida servis markazi yoki dilerlik tarmog‘i mavjud emas. O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan ro‘yxatdagi 13 ta mahsulot bo‘yicha servis va dilerlik tarmog‘iga ega savdo belgilar esa faqat Artel va Akfa. Shuning uchun asosiy savol “O‘zeltexsanoat”ga edi. Uyushma o‘zi biladimi mahalliy suv nasoslari ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan nechtasining dilerlik markazlari bor?

  • To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Suhbatni Madina Ochilova olib bordi.

Mavzuga oid