O‘zbekiston | 14:34 / 02.02.2024
7095
2 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘on sudi raisi “qo‘l uchida” yozilgan hukm uchun jarimaga tortildi

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvida “E-XSUD” elektron bazasiga ikki erkakning “jin chiqarish” paytida 42 yoshli ayolni o‘ldirib qo‘yish bilan bog‘liq jinoyat ishi hukmining loyiha varianti kiritilgani aniqlangan.    

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani sudi raisi Sanjar Isaqulovga jarima intizomiy chorasi qo‘llandi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi ma’lum qildi.  

Toshkent viloyat sudlari sudyalari malaka hay’ati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida R.B. va boshqalarga nisbatan chiqarilgan sud hukmi yozilishida jiddiy e’tiborsizliklarga yo‘l qo‘yilgani, xususan, beparvolik oqibatida hukmning loyiha varinati “E-XSUD” elektron bazasiga kiritilgani tasdig‘ini topgan.  

Qayd etilishicha, xizmat tekshiruvi yakunlari Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay’atida muhokama qilingan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi raisiga nisbatan maoshining 20 foizi miqdorida “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.  

Kun.uz oldinroq jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi raisi Sanjar Isaqulovning hukmida son-sanoqsiz orfografik va grammatik xatolar, mazmun jihatdan telba-teskari jumlalar ishlatilib, odam taqdiriga daxldor hujjatga qo‘l uchida munosabat qilinayotgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Maqolada S.Isaqulov raisligida ko‘rilgan ishlardan biri – ikki erkakning “jin chiqarish” paytida 42 yoshli ayolni o‘ldirib qo‘yishi bilan bog‘liq jinoyat ishi hukmidan misollar keltirilgandi. Kun.uz maqolasidan so‘ng Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay’ati raisining 2024 yil 24 yanvardagi farmoyishiga muvofiq Sanjar Isaqulovning hukmidagi xato va noaniqlik holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish belgilangandi.  

 

Mavzuga oid