Shuhrat Sodiqov bosh vazir kotibiyati rahbari etib tayinlandi
2018-2021 yillarda AKT vaziri bo‘lgan, oxirgi bir yilda bosh vazir kotibiyatining rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Sodiqov ushbu kotibiyatning rahbari etib tayinlandi. Bu mansabni egallab kelgan Abdurashid Jo‘raboyev o‘tgan hafta MTRK raisi lavozimiga o‘tkazilgandi.
Prezident farmoniga asosan, Sodiqov Shuhrat Muhammadjonovich bosh vazir kotibiyati rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda hukumat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Shuhrat Sodiqov bunga qadar bosh vazir kotibiyati rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
- Hukumat rahbari kotibiyatini boshqarib kelgan Abdurashid Jo‘raboyev o‘tgan hafta MTRK raisi lavozimiga o‘tkazilgan edi.
Shuhrat Sodiqov 2008−2010 yillarda “O‘zbektelekom” kompaniyasi direktori bo‘lgan, 2010 yildan 2017 yilgacha Vazirlar Mahkamasining axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan, 2017−2018 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori bo‘lgan. U 2018 yil avgustidan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida ishlagan.
2021 yil noyabrida O‘zbekistonda Telegram, Instagram va YouTube'ning bloklanishi ortidan bosh vazir maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov bilan birga iste’foga chiqarilgandi.
2023 yil fevral oyida hukumat qarori bilan Shuhrat Sodiqov bosh vazir kotibiyati mudirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Hukumat tuzilmasiga ko‘ra, bosh vazir kotibiyati rahbarining uch nafar o‘rinbosari bor. Hozirda To‘ychiyev Nusratbek Davronqulovich kotibiyat rahbarining birinchi o‘rinbosari, Qalandarov Davron Narimovich kotibiyat rahbarining o‘rinbosari hisoblanadi. Uchinchi o‘rinbosar lavozimi – Shuhrat Sodiqovning bungacha egallab kelgan o‘rni bo‘sh qolgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vazirining kotibiyati 2022 yil oxiridagi ma’muriy o‘zgarishlar vaqtida, Vazirlar Mahkamasining ijro apparati o‘rniga tashkil etilgan.
Mavzuga oid
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
11:49 / 20.11.2024
Vazirlar Mahkamasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilandi
15:25 / 19.11.2024
O‘zbekiston hukumati parlament oldidagi vakolatlarini topshirdi
16:31 / 04.11.2024