Jahon | 13:26 / 22.02.2024
6412
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropada havo sifati bo‘yicha standartlar qat’iylashtirilmoqda

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bu borada dastlabki kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, PM2,5 zarralarining ruxsat etilgan yillik konsentratsiyasi 1 metr kub havoda 25 mikrogrammdan 10 mikrogammgacha pasaytiriladi. Avvalroq AQShda bu me’yor 12 mkg/m3 dan 9 mkg/m3 gacha tushirilgandi. JSST tavsiyalari bo‘yicha, ushbu ko‘rsatkich 5 mkg/m3 dan oshmasligi kerak.

Jyeneva / Foto: Kun.uz

Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar havo sifati standartlarini qat’iylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Yangi qoidalarga asosan, havoni ifloslantiruvchi moddalar miqdori bo‘yicha me’yorlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga yaqinlashtiriladi.

Yevropa atrof-muhit agentligi o‘tgan yili noyabrda taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, PM2,5 mayda zarralari bilan bog‘liq havo ifloslanishi 2021 yilda Yevropa Ittifoqida 253 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, qandli diabet bilan kasallangan odamlar uchun eng zararli bo‘lgan azot dioksidi (NO2) bilan ifloslanish 52 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. 22 mingta o‘lim holati ozon (O3) bilan qisqa muddatli ta’sirlanishga bog‘liq bo‘lgani aniqlangan.

Dastlabki kelishuvga ko‘ra, 2030 yilgacha PM2,5 uchun yillik me’yor 25 mkg/m3 dan 10 mkg/m3 gacha, azot dioksidi uchun 40 mkg/m3 dan 20 mkg/m3 gacha pasaytiriladi.

Hujjat Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga 2029 yil 31 yanvargacha maxsus sabablar bo‘lgan taqdirda standartlarga erishishni kechiktirishni so‘rash imkoniyatini beradi.

Endilikda kelishuv Yevroparlament va YeI Kengashi tomonidan rasman tasdiqlanishi, keyin esa qabul qilish jarayonidan o‘tishi kerak.

Kun.uz ikki hafta oldin AQShda ham havo sifati standartlari kuchaytirilgani haqida xabar bergandi. Qo‘shma Shtatlarda PM2,5 ning ruxsat etilgan o‘rtacha yillik konsentratsiyasi me’yori 12 mkg/m3 dan 9 mkg/m3 gacha pasaytirildi.

Yanvar oyida O‘zbekiston rasmiylari havo ifloslanishi bo‘yicha milliy standartlar ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid