Iqtisodiyot | 15:44 / 23.03.2024
16552
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda «O‘zbekneftgaz»ning sof foydasi ikki barobarga kamaydi

O‘tgan yilda «O‘zbekneftgaz»ning sof foydasi 611,6 mlrd so‘mni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 52,6 foizga qisqardi.

Foto: "O‘zbekneftgaz"

«O‘zbekneftgaz» AJning 2023 yildagi sof foydasi 611,6 mlrd so‘mni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 52,6 foizga kamaygan. Bu haqda Kapital Depozit investitsiya kompaniyasi xabar berdi.

Tushumlar 11,2 foizga o‘sib, 14,7 trln so‘mga yetgan. Yil davomida dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar 1,2 trlndan 2,5 trln so‘mga ko‘paygan. Uzoq muddatli bank kreditlari 18 trlndan 17,6 trln so‘mga kamaygan bo‘lsa, qisqa muddatli kreditlar 746,8 mlrddan 2,2 trln so‘mga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz»ning 2022 yildagi sof foydasi 1,3 trln so‘mni, 2021-2020 yillarda esa 3,3 trln so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniyaning tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichi yildan yilga pasayib bormoqda. Xususan, bu miqdor 2024 yilda 29,3 mlrd kub metr bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniya 2021 yilda 33,9 mlrd kub, 2022 yilda esa 32,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olgan. Agar 2024 yilda 29,3 mlrd kub metrlik prognozni hisobga olsak, 3 yil ichida kompaniya gaz qazib olishni 13,6 foizga pasaytirgan bo‘ladi.

Avvalroq «O‘zbekneftgaz»ga tegishli UNG Petro benzin shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodi xususiylashtirilgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid