O‘zbekiston | 21:24 / 08.04.2024
11231
5 daqiqa o‘qiladi

8 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Prezidentning Jizzaxga tashrifi, Ramazon hayiti nishonlanadigan sana, hayit arafasida afv etilganlar, o‘zbekistonliklarni mehnatga chorlayotgan Vengriya - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifb

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Birinchi manzil Forish tumanidagi Basalt Uzbekistan klasteri bo‘ldi.

Mirziyoyev 2019 yil yanvar oyida bu korxonaga tashrif buyurib, uning faoliyatni yanada kengaytirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Shu asosida bozordagi talab, xomashyo olinadigan konlar o‘rganildi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalar keltirildi. Natijada 300 gektar maydonda umumiy qiymati 498 mln dollarlik oltita loyiha tashkil etilib, korxona klasterga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida qurilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivini ham borib ko‘rdi.

Hozir 140 gektar maydonda jadal qurilish ketmoqda. Loyiha uch bosqichli bo‘lib, 3 ming 936 xonadonli 105 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda birinchi bosqich doirasida 204 xonadonli 4 ta ko‘p qavatli uy, markaziy qozonxona, shourum va ichki yo‘llar qurilgan. Yana 16 ta turar joy, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo markazi bunyod etiladi.

Prezident «ADM Jizzakh» avtomobil zavodi faoliyati bilan ham tanishdi.

«ADM Jizzakh» MChJ sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri. U 2021 yilda tashkil etilgan. O‘tgan uch yilda «Kia», «Chery» hamda «Haval» brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan.

Loyiha doirasida 234 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, 1800 ta ish o‘rni yaratildi. 

Ramazon hayiti 10 aprel kuni nishonlanadi

«Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida» prezident qarori imzolandi.

2024 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 10 aprel – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2024 yil 10 aprel kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin, deyiladi prezident qarorida. 

Prezident bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 426 nafar shaxs afv etildi

Tayinlovlar

Jizzax viloyati Arnasoy tumaniga hokimi lavozimiga Odil Musanov tayinlandi. Shu kunga qadar Odil Musanov Jizzax viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari v.b. bo‘lib faoliyat olib borayotgan edi.

Toshkent viloyati Parkent tumaniga Sardor Isoqulov hokim eetib tayinlangan. Tayinlovga qadar u «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruv raisining ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, kooperatsion aloqalarni kengaytirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. 

Namanganda 63-Xalqaro gullar festivali o‘tkaziladi

Festival 19 mayda boshlanib, 23 iyungacha davom etadi. 40 kun davom etadigan festivalda gul bog‘chalari egalari va bog‘ dizaynerlari o‘zlarining badiiy gul kompozitsiyalarini namoyish etadi. Bu ularga mahalliy va xalqaro kompaniyalarga o‘zlarini tanitish imkonini beradi.

Tadbirda Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Pokiston, Niderlandiya hamda Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlardan mehmonlar ishtirok etishi kutilyapti

Vengriya O‘zbekistondan mehnat muhojirlarini jalb qiladi

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi ko‘magida Vengriyaning Worknet Kft. kompaniyasi direktori David Penzesh va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Hojiakbar Fayzullaxo‘jayev o‘rtasida videokonferensaloqa formatida muzokaralar tashkil etildi.

Vengriya tomoni O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va agentlik tomonidan yuborilgan mehnat migrantlarini Vengriyaga yollash va ishga joylashtirish sohasida shartnoma tuzishga tayyorligini bildirdi. 

Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasida ayol homilasi bilan vafot etdi. SSV izoh berdi

3 aprel kuni Ohangaron tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga olib kelingan 32 yoshli ayol 1 kundan keyin vafot etgan. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qildi. 

O‘zbekiston internet resurslariga uch oyda 3 mlndan ortiq kiberhujum uyushtirildi

O‘zbekistonda 2024 yil 1-chorak holatiga ko‘ra monitoring jarayonida davlat organlari va tashkilotlarning 19 ta veb-resurslarida 70 ta zaiflik va kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etilgan.

Mavzuga oid