O‘zbekiston | 20:15 / 08.04.2024
14576
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi 

Shavkat Mirziyoyev Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. 

Foto: TASS

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 426 nafar shaxs afv etildi. 

Afv etilgan shaxslarning 135 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 200 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 26 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 65 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi. 

Afv etilganlarning 11 nafarini chet el fuqarolari, 50 nafarini ayol, 13 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 157 nafarini yoshlar (shulardan, 3 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi. 

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid