O‘zbekiston | 22:07 / 22.05.2024
16014
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat neft sohasidagi aktivlarni qanchaga sotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston hukumati neft sohasidagi bir qator aktivlar: UNG Petro benzin shoxobchalari tarmog‘i, Chinoz neftni qayta ishlash zavodi va neft konlaridagi uskunalarni jami 70 mln dollarga baholagan.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasi 16 may kuni “O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil II choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qarorda “O‘zbekneftgaz”ga tegishli Chinoz neftni qayta ishlash zavodi, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va neft konlaridagi uskunalarni sotish ko‘zda tutilgan.

Bu aktivlar umumiy hisobda 70 mln dollarga baholangan. Xorijiy hamkor yoki kreditor sifatida Saneg va Petroleum Technology Group ko‘rsatilgan (Shveytsariya, Kipr va Rossiya kompaniyalari). 70 mln dollarlik kelishuvlar 2024 yil aprel oyiga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i, “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lgan UNG Petro va Chinoz neftni qayta ishlash zavodi xususiylashtirilgani mart oyi boshida ma’lum bo‘lgandi. Bu aktivlar “Petroleum Technology Group” MChJ egaligiga o‘tgan. Bu MChJga sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov egalik qiladi.

Rasmiy idoralar bu xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha hozirga qadar ma’lumot bermay kelmoqda. Ularning har biri qancha narxga sotilgani ma’lum emas.

Ayni paytda umumiy 70 mln dollarga baholangan zavod, benzin shoxobchalari tarmog‘i va neft konlaridagi uskunalar qatorida, aynan qaysi neft konlaridagi qaysi va qancha miqdordagi uskunalar haqida gap ketayotgani noma’lum.

Ma’lumot uchun, Saneg kompaniyasi O‘zbekistondagi 103 ta neft va gaz konlariga egalik qiladi. Avval “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lgan bu konlar bo‘yicha xususiy korxonaning huquqlari qanday yuzaga kelgani haqida rasmiylar izoh bermagan. Saneg, shuningdek, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini ham xususiylashtirib olgan.

Mavzuga oid