Jahon | 22:03 / 12.08.2024
17364
3 daqiqa o‘qiladi

Kursk oblastida «Axmat» jangchilari asir tushgani videosi paydo bo‘ldi

Foto: Videodan kadr

«Xochu jit» proyekti 30 nafarga yaqin harbiy libos kiygan, ko‘zlari skotch bilan yopilgan kishilar aks etgan videoni e’lon qildi. So‘roq vaqtida ulardan uch nafari «Grozniydan» deya javob qaytaradi. «Xochu jit» proyekti tasdiqlashicha, videodagi kishilar Kursk oblastida asirga olingan «qodirovchilar»dir.

«Reyd guruhlari bu qodirovchilarni chegaradan ancha ichkarida tutib olishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ular asir tushmaslik uchun qochishga uringan, chunki Ramzan Qodirov qachonlardir Axmat jangchilari asirga tushmasligi haqida aytgandi. Odatda, ha, front ortida o‘tirganida shunday edi, ammo Kursk oblastida vaziyat dinamik ravishda o‘zgarmoqda, Axmatning bu jangchilari esa hatto qarshilik ko‘rsatishga ham urinmadi», — deyiladi video bilan birga kelgan matnda.

Shuningdek, mualliflar «qodirovchilar» harbiy asirlarni almashtirishda alohida ahamiyatga egaligi, chunki rossiyalik muzokarachilar «ularni eng birinchi navbatda olib ketishi»ni ta’kidlagan. Shuningdek, postda tasdiqlanishicha, aynan «Axmat» Ukraina qurolli kuchlari chegaradan o‘tishiga aybdor hisoblanadi: «Mohiyatan, agar ular Kursk ortidagi o‘ninchi mudofaa chizig‘ida, muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar ortiga berkinmaganida, bunday tezkor yorib o‘tishning imkoni bo‘lmasdi».

Avvalroq «Axmat» maxsus topshiriqli bo‘linmasi komandiri Apti Alaudinov Kursk oblastidagi yorib o‘tish ortida «familiya, ism va sharif» borligini aytib, Vladimir Putin «to‘g‘ri qaror qabul qilishi»ga umid bildirgandi. Z-kanallar mualliflari esa Alaudinov shu tariqa bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga ishora qilayotganini yozishgan.

9 avgust kuni «ChP Grozniy 95» Telegram-kanalida 21 yoshli askar «Axmat» «srochniklar ortiga yashiringani» haqidagi gaplari uchun uzr so‘ragani videosi tarqalgandi.

Undan avvalroq esa Apti Alaudinov chechen jangchilari chegaradagi pozitsiyalarda qolishgani, yurish qilayotgan ukrain qo‘shini esa jangga kirishmay, ularni qandaydir tarzda aylanib o‘tib ketganini aytgandi. Ammo bu versiya bahsli: harbiy muxbir Yuriy Kotyonok «axmatchilar» Kursk oblastining aynan Ukraina qurolli kuchlari hujum boshlagan rayonlari bo‘ylab joylashtirilgani haqida aytdi. «VChK-OGPU» Telegram-kanali qodirovchilar ukrain harbiylarining ilk zarbasidan keyinoq «sochilib ketgani» — ya’ni qochib qolgani haqida yozgan.

Mavzuga oid