Iqtisodiyot | 21:27 / 05.09.2024
6161
3 daqiqa o‘qiladi

GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi

“Uzbekistan GTL” MChJ yilning birinchi yarmida 112 mlrd so‘m soliq to‘lagan, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56 foizga kam. Soliq qo‘mitasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu eksport hajmi oshgani bilan bog‘liq. Ikkinchi chorakda 2,7 trln so‘m daromad ko‘rgan kompaniya shu davrda 1,8 trln so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.

Soliq qo‘mitasi 2024 yilning 6 oyida ishlab chiqarish sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan top-20 ta korxona ro‘yxatini e’lon qildi. Bu ro‘yxatdan “Uzbekistan GTL” zavodi o‘rin olmagan, chunki zavod to‘lagan soliqlar qisqargan.

Kun.uz Soliq qo‘mitasidan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan 2024 yilning yanvar-iyul oylarida budjetga 112 mlrd so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan. O‘tgan yilning mos davrida esa bu 254 mlrd so‘mni tashkil etgan. GTL zavodi joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 142 mlrd so‘m kamroq soliq to‘lagan, bu – jamiyat to‘lagan soliqlar 2 barobardan ko‘proqqa (56 foizga) qisqarganini ko‘rsatadi.

GTL zavodi nega soliq to‘lashni kamaytirgani haqidagi Kun.uz savoliga javoban, Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, jamiyat hisobotlarida eksport hajmi joriy yilning 7 oyida 1 trln 458 mlrd so‘mni tashkil qilgani, o‘tgan yilning mos davrida esa bu 380 mlrd so‘m bo‘lgani ko‘rsatilgan. Soliq kodeksiga asosan, tovar va xizmatlar eksporti uchun QQS va foyda solig‘i nol stavkada belgilangan.

MChJ tomonidan taqdim etilgan foyda solig‘i hisobotiga asosan, jamiyatning 2024 yil II chorakdagi daromadi 2,7 trln so‘m bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning II choragida 2,1 trln so‘m deb ko‘rsatilgan.

Soliq qo‘mitasi saytidagi ochiq ma’lumotlardan ko‘rinishicha, GTL zavodi 2024 yilning II choragida 1 trln 847,8 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 6 oyida 619 tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarilgan. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 foizga kam.

Avvalroq Kun.uz Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga asoslanib, GTL zavodida dizel ishlab chiqarish boshlanganidan keyingi davr, ya’ni oxirgi 2 yilda bu mahsulot importi 7,3 barobarga oshib ketganiga e’tibor qaratgandi.

“Uzbekistan GTL” MChJ – to‘liq davlatga tegishli korxona. Uni barpo etish uchun “O‘zbekneftaz” nomidan bir necha milliard dollar tashqi qarzlar jalb etilgan. Soliq to‘lovlari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari haqida “O‘zbekneftgaz” va GTL zavodiga Kun.uz tomonidan yo‘llangan savollar javobsiz qolmoqda.

Mavzuga oid