Ipotekabankning xususiylashtirilishi: davlat bloklovchi ulushidan voz kechgan
Iqtisodiyot va moliya vazirligining Ipotekabankdagi ulushi 19,1 foizgacha kamayib, OTP'ning ulushi salkam 80 foizga yetgan. Bunga OTP foydasiga qo‘shimcha aksiya chiqarilgani, vazirlik esa bunga rozilik bergani sabab bo‘lgan. Bloklovchi paketning yo‘qotilgani qolgan ulushlarni qimmatroq sotish bo‘yicha muzokaralarda davlat pozitsiyasining zaiflashishiga olib kelishi mumkin.
O‘tgan yili iyun oyida bo‘lib o‘tgan xususiylashtirish jarayonida Ipotekabankning 73,71 foiz aksiyalari OTP guruhiga o‘tgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, keyinchalik Vengriya kompaniyasining ulushi 79,6 foizga yetgan. Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi.
Jamoatchilik faoli bu holatda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish olib borgan Iqtisodiyot va moliya vazirligining harakatlari O‘zbekiston manfaatlariga qanchalik mos bo‘lganini savol ostiga olmoqda.
“Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ipotekabankdagi bloklovchi paketi yuvilib ketishiga rozi bo‘lib ovoz bergan. Bunaqasi faqat O‘zbekistonda yuz beradi”, – deya yozdi Bakirov.
Gap shundaki, Ipotekabank aksiyadorlarining 2023 yil 10 noyabrdagi umumiy yig‘ilishida 844,6 mlrd so‘mlik qo‘shimcha aksiya chiqarish va aksiyalarni yopiq obuna bilan OTP Bank Nyrt'ga joylashtirish masalasi kun tartibiga kiritilgan. 98,59 foizlik kvorum bilan o‘tgan yig‘ilishda bu boradagi qaror 100 foiz ovoz bilan qabul qilingan.
Ushbu qaror asosida, OTP guruhiga tegishli bo‘ladigan qo‘shimcha aksiyalar chiqarilgan, natijada kompaniyadagi ulushlar quyidagicha ko‘rinish olgan: OTP Bank – 79,6 foiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 19,1 foiz, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar – 1,3 foiz.
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 60-moddasiga asosan, yirik bitimlar tuzish haqidagi qarorlar malakali ko‘pchilik tomonidan qabul qilinadi. Qonunga ko‘ra, malakali ko‘pchilik deganda aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida ishtirok etayotgan ovoz berish huquqiga ega aksiyadorlarning to‘rtdan uch qismi tushuniladi.
Qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishi hisobiga, ana shu to‘rtdan uch qismlik ovozlar birgina OTP guruhining qo‘lida to‘plangan. Bu esa Vengriya kompaniyasiga boshqa aksiyadorlar, xususan O‘zbekiston hukumati bilan kelishmasdan yirik bitimlar tuzish huquqini beradi.
Yirik bitim deganda – qiymati jamiyat sof aktivlari miqdorining 15 foizidan ortig‘ini tashkil etuvchi mol-mulk xususidagi bitimlar tushuniladi.
Shuningdek, malakali ko‘pchilik ovoziga ega aksiyador jamiyatni qayta tashkil etish, tugatish, kuzatuv kengashi a’zolarini saylash va bo‘shatish, ustav fondi (ustav kapitali)ni ko‘paytirish, korporativ obligatsiyalar, shu jumladan aksiyalarga ayirboshlanadigan obligatsiyalar chiqarish, affillangan shaxs bilan tuzilayotgan bitimni ma’qullash to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilishi mumkin.
Otabek Bakirovning qayd etishicha, agarda O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqilsa, shuningdek, qolgan davlat ulushini keyingi bosqichda qimmatroq sotish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi 10 noyabrdagi yig‘ilishda ko‘tarilgan masalaga qarshi ovoz berishi kerak edi.
Iqtisodchi qo‘shimcha aksiyalar chiqarilgunga qadar IMV va minoritar aksiyadorlarning qo‘lida bloklovchi paket bo‘lgani, vengriyalik investorlarda esa eng muhim qarorlarni mustaqil tarzda qabul qilish huquqi bo‘lmaganini ta’kidlaydi.
Shunday vaziyatda, vazirlik o‘zining qariyb 25 foizlik ulushini 19,6 foizgacha tushib ketishiga olib keladigan qarorga rozi bo‘lib ovoz bergan. Bu bilan, O‘zbekiston hukumatining ushbu bankni xususiylashtirish jarayonida davlat manfaatlariga zid keladigan qarorlarning oldini olish va ularni bloklash imkoniyati yo‘qolgan.
“Mojor qardoshlar vazirlikning ko‘z yumib turishi ortidan yuz bergan bu chiqariluv orqali o‘z ulushini 79,6 foizga yetkazib olishgan va endi Iqtisodiyot va moliya vazirligi nazoratida qolgan 19,1 foizlik ulushni sotib olishga umuman muhtoj ham emas. Qo‘shimcha aksiyalar chiqarib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ulushini yuvib yuborishda davom etilaveradi. Agar vazirlik qolgan paketni suv tekinga yoki boshqa sxemalar orqali topshirmasa.
Normal dunyoda va normal bitimlarda aksiyalarning ikkita paketga bo‘lib sotilishidan yagona maqsad – keyingi transhdagi bloklovchi paketni qimmatroq sotish hisoblanadi. Uzoqqa bormaylik, masalan, TBC Bank Group Payme'ning 51 foiz ulushi uchun 2019 yilda 5,5 mln dollar to‘lagan bo‘lsa, oradan 4 yil o‘tib qolgan 49 foiz ulush uchun 10 barobardan ziyod, 55,7 mln dollar to‘lashiga to‘g‘ri kelgan”, – deya yozadi Otabek Bakirov.
Kun.uz Iqtisodiyot va moliya vazirligiga quyidagi ikkita savol bilan murojaat qildi, biroq vazirlik bu savollarga OTP guruhi javob berishi kerakligini aytdi:
- Vazirlikning 10.11.2023 yildagi qarorni yoqlab ovoz berishi O‘zbekiston manfaatlariga zid emasmi? Malakali ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritgan OTP Bank'ning qolgan davlat ulushini ham sotib olishga qiziqishi susayishi, sotib olgan taqdirda ham muzokaralarda arzonroq narx taklif etishi ehtimoli inobatga olinmaganmi?
- Ijtimoiy tarmoqlarda Ipotekabank Toshkent shahri markazidagi bosh ofisi joylashgan binoni sotishi mumkinligi haqida mish-mish tarqaldi. Hozirda malakali ko‘pchilik ulushiga ega OTP Bank bu masalani o‘zi mustaqil hal eta oladimi? Yoki xususiylashtirish to‘g‘risidagi bitimda bank aktivlarini begonalashtirish bo‘yicha cheklovlar belgilanganmi?
Eslatib o‘tamiz, Ipotekabankdagi davlat ulushining 75 foizi (jami ulushlarning 73,71 foizi) 324 mln dollarga sotilgani ma’lum qilingan. Bu – O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xususiylashtirish bitimlaridan biri.
Kelishuv vaqtida OTP bank davlat ulushining qolgan qismini 3 yil ichida sotib olishi e’lon qilingandi.
Ma’lumot uchun, Ipotekabank – aktivlarining hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi beshinchi eng yirik bank hisoblanadi.
Mavzuga oid
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
17:10 / 18.11.2024