Jahon | 22:32 / 18.12.2024
1633
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Gazprombank bilan operatsiyalarga vaqtincha ruxsat berdi

AQSh Moliya vazirligi 2025 yil 30 iyunga qadar Gazprombank bilan fuqarolik atom energetikasiga bog‘liq bitimlarni amalga oshirishga ruxsat berdi. Noyabr oyida Rossiya banki sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Foto: TASS

AQSh Moliya vazirligi 2025 yil 30 iyunga qadar Gazprombank bilan fuqarolik atom energetikasiga bog‘liq bitimlarni amalga oshirishga ruxsat berdi. Bu boradagi tegishli litsenziya idoraning saytida e’lon qilindi.

Hujjat 2024 yil 21 noyabrga qadar ishga tushirilgan, ya’ni Gazprombank SDN-ro‘yxatiga (Special Designated Nationals List) kiritilgungacha bo‘lgan loyihalarga tegishli.

Xususan, ruxsat Vengriyadagi «Pkash-2» AES loyihasiga taalluqli emas.

AQSh Moliya vazirligi 2024 yil 21 noyabr kuni Gazprombank va uning oltita shu’ba kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Vazirlik xabarida aytilishicha, Rossiya Gazprombankdan mamlakat harbiylari uchun to‘lovlarni o‘tkazishda foydalanib keladi. Ertasi kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning Gazprombankka qarshi sanksiyalari «Yevropaga gaz yetkazib berilishiga xalaqit qilishga urinish deya hisoblash mumkinligini» ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5 dekabr kuni Rossiya gazi uchun to‘lovlar endi bitta aniq bank orqali to‘lash tartibini bekor qildi. Ilgari bunday — yagona — moliyaviy institut Gazprombank edi. Shunday qilib, Putin o‘zining 2022 yil 31 martdagi farmoniga o‘zgartirish kiritdi, unda Gazprombankka Rossiya gazi uchun to‘lovlar bo‘yicha yagona adresat bo‘lish huquqi berilgandi.

O‘z navbatida Bloomberg Yevropa Ittifoqi Gazprombankka qarshi sanksiyalarni yumshatish uchun AQShga bosim ko‘rsatayotgani haqida yozgan edi. Turkiya tomoni ham AQSh davlat kotibi Entoni Blinken boshchiligidagi delegatsiya bilan Anqarada o‘tkazilgan muzokaralar davomida Rossiyaning Gazprombankiga nisbatan sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘targandi.

Mavzuga oid