Jahon | 11:26 / 18.03.2025
973
3 daqiqa o‘qiladi

Audi 2029 yilgacha Germaniyada 7500 ta ish o‘rnini qisqartiradi

Dastlab avtomobil ishlab chiqaruvchisi 12 ming ish o‘rnini tugatishni rejalashtirgan edi, dedi ishlab chiqarish umumiy kengashi rahbari Yorg Shlagbauer.

Foto: Depositphotos

Volkswagen guruhiga tegishli bo‘lgan nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisi Audi 2029 yilgacha Germaniyada 7500 ta ish o‘rnini qisqartiradi. Bu haqda 17 mart, dushanba kuni Audi media markazida ma’lum qilindi. Qo‘shimcha qilinishicha, qisqartirishlar ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan bir qator «aloqador tarmoqlarda» amalga oshiriladi. Ushbu chora «kelajakda nemis zavodlarining raqobatbardoshligini» ta’minlashga qaratilgan va ishlab chiqarishning «hosildorligi, tezligi va moslashuvchanligi» ning sezilarli darajada oshishiga olib kelishi kerak, dedi kompaniya vakillari. Audi «byurokratiyani kamaytirish» va raqamlashtirishni rag‘batlantirishga sodiq ekanini ta’kidladi.

Nemis korxonalariga investitsiyalar

2029 yilga borib Audi konserni Germaniyadagi, xususan Myunxen va Shtutgartdagi korxonalariga 8 milliard yevroga yaqin sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Dpa hisob-kitoblariga ko‘ra, xodimlarni qisqartirish kompaniyaga o‘rta muddatli istiqbolda har yili 1 milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ni tejashga yordam berishi mumkin.

Audi rahbariyati va kompaniya darajasida xodimlarning manfaatlarini himoya qiluvchi umumiy ishchilar kengashi uzoq vaqtdan beri iqtisod qilish rejasi bo‘yicha bahslashib keldi, ammo hozir bir konsepsiya bo‘yicha kelishib oldi. Kengash raisi Yorg Shlagbauerning aytishicha, ish beruvchi dastlab 12 ming ish joyini yo‘q qilishni rejalashtirgan.

Germaniya avtomobil sanoati og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda

Avvalroq Germaniyaning Volkswagen avtomobil ishlab chiqaruvchisi Belgiyadagi Audi shu’ba korxonasida ishlab chiqarishni to‘xtatayotganini e’lon qilgan edi.

Audi AG Volkswagen konserni tarkibiga kiradi va o‘z navbatida ikkita italyan kompaniyasiga egalik qiladi: Lamborghini qimmatbaho superkarlar ishlab chiqaruvchisi va Ducati mototsikllarini ishlab chiqaruvchisi.

Germaniya avtosanoati og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda va uning asosiy muammosi Xitoy bilan bog‘liq. O‘tgan o‘n yil ichida barcha yetakchi nemis avtomobil ishlab chiqaruvchilari Xitoyni eng muhim bozorga aylantirdi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan keskin kuchaygan raqobat sharoitida, ayniqsa tez o‘sib borayotgan elektr transport vositalari segmentida hozirda u yerda sotuvlarda yo‘qotishlarga duch kelmoqda.

Mavzuga oid

E`lonlar