Jahon | 15:33 / 04.09.2025
3776
5 daqiqa o‘qiladi

Hamas sulhga tayyorligini aytdi. Isroil esa genotsidni davom ettirmoqda

Hamas G‘azoni boshqaruvchi milliy ma’muriyat tuzilishi va isroillik asirlarning ozod etilishini nazarda tutuvchi bitimga tayyor ekanini bildirdi. Netanyahu ofisi esa ushbu bayonotni «Hamasning navbatdagi chalg‘ituvchi yurishi» deb atadi. Isroil shuningdek, hududda xavfsizlik nazoratini o‘rnatish va Hamasda qurolsizlanishni talab qilmoqda.

Isroil Bureyj qochqinlar lagerida joylashgan maktabga zarba bergach, bir qiz voqea joyidan yugurib chiqmoqda. 2025 yil 17 iyul / Foto: Reuters TV

Hamas 3 sentabr kuni yana bir bor G‘azo bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga tayyor ekanini ma’lum qildi. Reutersʼga ko‘ra, barcha isroillik garovdagilar ozod qilinadi, buning evaziga kelishilgan miqdorda falastinlik mahbuslar qo‘yib yuboriladi.

Guruhning bu bayonoti AQSh prezidenti Donald Tramp Hamasni 20 nafar garovdagilarni ozod qilishga chaqirganidan ko‘p o‘tmay bildirildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisi Hamas bayonotini tanqid qildi.

«Afsuski, bu yana Hamasning hech qanday yangilik olib kelmagan navbatdagi chalg‘ituvchi yurishidir», deyiladi bayonotda.

Netanyahu ofisi shuningdek, urush tugashining yangi shartlarini aytdi. Ularga ko‘ra, qachonki — G‘azoda barcha garovdagilar ozod etilganda, Hamas qurolsizlantirilganda, sektor demilitarizatsiya qilinganda, Isroil hududda xavfsizlik nazoratini o‘rnatganda va muqobil fuqarolik boshqaruvi tashkil etilganda urush tugaydi.

Al-Jazeeraʼning yozishicha, Hamas G‘azoni boshqarish uchun mustaqil milliy ma’muriyat tuzilishiga rozi ekanini va barcha isroillik asirlarning ozod etilishini nazarda tutuvchi keng qamrovli sulh bitimiga tayyorligini bildirdi.

Foto: AFP

Hamas avgust oyida ham Isroil bilan 60 kunlik sulh taklifiga rozi bo‘lgandi. Misrlik rasmiy manbaga ko‘ra, Hamas qabul qilgan taklif Isroilning 60 kun davomida harbiy operatsiyalarini to‘xtatishini va deyarli ikki yillik mojaroga yakun yasovchi keng qamrovli kelishuvning asosiy tamoyillarini belgilashni o‘z ichiga olgan. Netanyahu esa bir necha kundan keyin Isroil barcha garovdagilarni ozod qilish va urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni darhol davom ettirishini, biroq faqat Isroil uchun maqbul shartlarda bo‘lishini aytdi.

G‘azoda hamon genotsid davom etmoqda

G‘azo sog‘liqni saqlash idoralarining Al-Jazeeraʼga ma’lum qilishicha, payshanba kuni tongdan buyon Isroil hujumlari oqibatida G‘azo bo‘ylab kamida 28 falastinlik halok bo‘lgan. Ularning 16 nafari G‘azo shahrida — Isroil kuchlari u yerda hujumlarni kuchaytirgan paytda vafot etdi. Vafot etganlarning kamida to‘rt nafari yordam va oziq-ovqat qidirayotganlar bo‘lgan.

Foto: Al-Jazeera

Mahalliy nashrlar G‘azo shahridagi tunni «yana bir do‘zax kechasi» deb tasvirladi. Chunki Isroil harbiylari tun davomida ko‘chirilgan chodirlar va uylarga zarba bergan, tuzoq sifatida qo‘yilgan robotlarni esa portlatgan.

Chorshanba kuni esa Isroil hujumlari oqibatida G‘azo bo‘ylab kamida 73 falastinlik o‘ldirilgan, ularning kamida 43 nafari faqatgina G‘azo shahrida sodir bo‘lgan.

Shu kunlarda BMTning Falastin qochqinlariga yordam beruvchi agentligi (UNRWA) Isroilni G‘azodagi yordam operatsiyalariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga yana bir bor chaqirdi. Chunki tashkilot olti oydan buyon hududga yordam yetkazib bera olmayapti.

Foto: UNRWA

«G‘azodagi oilalar zarur vositalarsiz qoldi. UNRWA olti oydan beri hech qanday yordam kirita olmayapti. Matras, adyol va chodir kabi boshpana buyumlariga qattiq ehtiyoj bor. UNRWA ularni yetkazishga tayyor – qamal bekor qilinishi kerak», deyiladi agentlik bayonotida.

Joriy yil yanvar oyidan buyon Isroil BMT tashkilotining sektorda ishlashini taqiqlab qo‘ygan. Shundan buyon G‘azodagi yordam tarqatish vazifasini asosan AQSh–Isroil qo‘llaydigan GHF (Gaza Humanitarian Foundation)ga topshirdi. Ammo bu fondning tarqatish punktlari bir necha bor yordam izlovchilarning o‘limiga olib kelgan otishmalarni keltirib chiqargan. Xalqaro tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Foto: Reuters

13 avgustdan boshlab Isroil armiyasi tomonidan G‘azo shahriga uyushtirilgan hujumlar oqibatida 1100 falastinlik halok bo‘ldi, 6 mingdan ortiq kishi yaralandi. 2023 yil oktyabrda urush boshlanganidan buyon esa kamida 63 ming falastinlik Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘ldi, 150 mingdan ortiq inson jarohatlandi. 

Mavzuga oid