Jamiyat | 22:29 / 24.09.2025
46430
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda voyaga yetmagan qizga uylangan erkakka jinoyat ishi ochildi

Shuningdek, moddiy manfaat evaziga ularga nikoh o‘qigan shaxsga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Surxondaryo viloyati, Denov tumanida 15 yoshli qizga uylangan yigit va ularga nikoh marosimini o‘tkazgan shaxsga jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 2025 yil 8 iyul kuni Denov tumanida yashovchi 67 yoshli ayol 15 yashar nabirasini 28 yoshli yigitga turmushga berish marosimini tashkil qilgan. Qiz voyaga yetmagani sababli, nikoh qonunda ko‘rsatilgan tartibda qayd etilmagan. Ammo 75 yoshli erkak moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh marosimini o‘tkazgan.

Holat yuzasidan nikoh o‘qigan shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish, kuyovga esa 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishni nazarda tutuvchi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozir jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq qiz Denov tumanidagi kasb-hunar maktabida ta’lim olayotgani va uning huquqlari, ta’lim jarayoni mutasaddilar tomonidan doimiy nazoratga olingani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid