Jahon | 17:30 / 05.11.2025
4293
5 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Yaqin Sharqdagi harbiy muvozanat: Saudiya ham F-35 qiruvchilarini olmoqchi

AQSh prezidenti ma’muriyati Saudiya Arabistonining 48 tagacha F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish bo‘yicha so‘rovini ko‘rib chiqmoqda. Milliardlab dollarlik ehtimoliy bitim – Muhammad bin Salmonning AQShga tashrifi arafasida Pentagon ichida muhim bosqichdan o‘tgan.

 F-35C qurollarini sinamoqda / Foto: Lockheed Martin

Agar sotuv amalga oshsa, bu AQSh siyosatida sezilarli burilish bo‘ladi, Yaqin Sharqdagi harbiy muvozanatni o‘zgartirishi mumkin.

Pentagonning siyosat bo‘limi ushbu bitim ustida bir necha oy ishlagan va ish hozirda Mudofaa vazirligining kotib darajasiga yetgan, dedi amaldorlardan biri anonim tarzda Reutersʼga.

Pentagon, Oq uy va Davlat departamenti hozircha ushbu kelishuvlar bo‘yicha izoh bermadi. «Lockheed Martin» kompaniyasi vakili esa, bunday harbiy bitimlar «hukumatdan-hukumatga» amalga oshirilishi bois, masalaga rasmiy Vashington javob berishi kerakligini bildirdi.

Yaqinda rejalashtirilgan – valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning AQShga tashrifida bu masala asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Isroilning «harbiy ustunligi» yo‘qoladimi?

AQSh Yaqin Sharqqa qurol sotishda – Isroilning «sifatli harbiy ustunligi»ni saqlab qolishni kafolatlaydigan yondashuvni qo‘llaydi. Bu tamoyilga ko‘ra, Isroil mintaqadagi arab davlatlaridan doimo texnologik jihatdan ustunroq AQSh qurollarini oladi.

F-35 — dushman radaridan yashirinib uchish imkonini beruvchi «stels» texnologiyasi bilan yaratilgan va dunyodagi eng ilg‘or qiruvchi samolyot sifatida qaraladi. Isroil ushbu samolyotni qariyb o‘n yildan beri ekspluatatsiya qilib keladi va bir nechta eskadrilyalarni shakllantirgan. U hozircha bu qurol tizimiga ega bo‘lgan yagona Yaqin Sharq davlati hisoblanadi.

Saudiya Arabistoni esa AQSh qurollarining eng yirik xaridori. Qirollik bir necha yildan beri F-35 samolyotlarini olishga urinmoqda, bu orqali havo kuchlarini modernizatsiya qilmoqchi. Bundan tashqari, Saudiya ayniqsa Eronni o‘zi uchun tahdidlar qatorida ko‘rib keladi.

F-35ʼning narxlari turlicha. Uning oddiy universal (A) va dengiz floti (C Lightning II) uchun ajratilgan eng qimmat versiyalari bor.

Foto: Lockheed Martin

Odatda bunday qurilmalarni birinchi marta olayotgan davlatlar: samolyot uchuvchilarini o‘qitish, unga texnik xizmat ko‘rsatish, ehtiyot qismlar va qurol tizimlari bilan ta’minlashni ham kelishuvlar qatoriga kiritadi. Bunday holatlarda bitta F-35 uchun narx 150 million dollargacha aylanadi.

Qirollikning ikki eskadrilyadan iborat (48 tagacha qiruvchi samolyot) ushbu yangi so‘rovi Tramp ma’muriyati Riyod bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga ochiqligini bildirgan paytda yangilandi. Saudiya harbiy havo kuchlari hozirda «Boeing»ning F-15ʼlari, Yevropaning «Tornado» va Typhoon samolyotlaridan foydalanmoqda.

«Faqat pulning o‘zi F-35 olishga yetmaydi»

F-35 masalasi faqat pul emas, balki siyosiy va diplomatik jarayonlar bilan ham chambarchas bog‘liq.

Masalan, AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchisi hisoblangan Turkiya ham ancha vaqtda beri F-35ʼlarni ololmayapti. Undagi Rossiya qurollari va Isroil lobbisi turklarga hozircha bu eshikni yopib turibdi.

Bayden ma’muriyati ilgari Saudiyaga F-35 samolyotlarini berish imkoniyatini, Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishi sharti bilan muhokama qilgandi. Biroq bu tashabbuslar natijasiz yakunlangan.

Tramp hokimiyatga qaytganidan beri Saudiya Arabistoniga qurol sotishni ustuvor yo‘nalishga aylantirdi. May oyida AQSh qirollikka deyarli 142 milliard dollarlik qurol-aslaha paketi sotish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

Foto: AP

Oq uy bu bitimni «Vashington tarixidagi eng yirik mudofaa hamkorligi kelishuvi» deb atadi. Lekin buning ichida so‘nggi avlod qiruvchilari bor yoki yo‘qligi noma’lum.

Shu bilan birga, F-35 savdosi Kongressda e’tirozlarga ham duch kelishi mumkin. Qonunchilar 2018 yilda saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilganidan keyin Riyod bilan qurol bitimlariga shubha bilan qaraydi. Kongressning ayrim a’zolari esa qirollik bilan harbiy hamkorlikni chuqurlashtirishdan hanuz xavotirda. 

Mavzuga oid