O‘zbekiston | 12:38 / 10.11.2025
8319
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat departamenti: O‘zbekiston AQShdan kichik AES reaktorlari sotib oladi

O‘zbekiston AQSh kompaniyalaridan kichik atom elektr stansiyasining yadroviy reaktorlarini sotib olishini ma’lum qildi, deyiladi Davlat departamenti tarqatgan bayonotda. Shuningdek, kelasi yilga reja qilingan xususiylashtirish jarayonida UzAuto Motors AQSh kompaniyasiga sotilishi mumkinligi istisno qilinmayapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston prezidentining 6 noyabr kuni Vashingtonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar haqida ma’lumot berdi.

Yerosti qazilmalar

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda AQSh kompaniyalari bilan birgalikda aniqlangan foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirish huquqi birinchi navbatda AQSh kompaniyalariga taklif etiladi.

Tomonlar birgalikda muhim minerallar va nodir ma’danlar sohasida 400 mln dollargacha bo‘lgan qiymatdagi loyihalarni amalga oshiradi.

Energetika

Davlat departamentiga ko‘ra, O‘zbekiston AQSh energetika kompaniyalaridan kichik modulli yadro reaktorlarini sotib olishini bildirgan.

Aviatsiya

O‘zbekiston umumiy qiymati 8,5 mlrd dollar bo‘lgan 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini xarid qiladi.

Qishloq xo‘jaligi

O‘zbekiston keyingi 3 yil davomida AQShdan 2 mlrd dollargacha qiymatdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari, shuningdek, 2 mln tonnagacha soya dukkaklari va 100 ming dollarlik paxta import qiladi.

Avtosanoat

Keyingi 3 yil davomida AQShdan 5 mlrd dollarlik avtomobil butlovchi qismlari import qilinishi ham kutilmoqda.

Shuningdek, General Motors bilan hamkorlikni kengaytirish, AQSh tomonining UzAuto Motors'ni xususiylashtirishda ishtirok etishi imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. UzAuto Motors'dagi qariyb 100 foizlik davlat ulushini sotish uchun ommaviy savdo 2026 yil 1-chorakka belgilangan.

Kimyo sanoati

Air Producs kompaniyasi O‘zbekistonda metanol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 3 mlrd dollargacha investitsiya kiritadi.

Metanoldan olefin, ko‘mirdan kimyoviy mahsulotlar olishga qaratilgan mahalliy korxonalarni tashkil etishda Amerika texnologiyalari jalb etiladi.

Boshqa masalalar

O‘zbekiston 2026 yildan boshlab AQSh fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etadi.

O‘zbekiston va AQSh huquq-tartibot idoralari xalqaro jinoiy tashkilotlar a’zolarini hibsga olish, ta’qib qilish va hukm qilishga oid axborotlarni almashadi.

O‘zbekiston giyohvandlik vositalari aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy tashkilotlar faoliyatini kuchaytirishni reja qilgan.

O‘zbekiston, shuningdek, o‘z kuchishlatar tizimlari va mudofaa ehtiyojlari uchun AQSh texnikalarini sotib olish uchun o‘z imkoniyatlarini safarbar etadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid