Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qayta hisoblangan YaIM va BMT e’tirof qilgan Omonxona – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Qayta hisoblashdan keyin O‘zbekistonning 2024 yilgi yalpi ichki mahsuloti oshdi
O‘zbekistonda 2024 yilgi yalpi ichki mahsulot hajmi qayta hisoblangach, 121,4 mlrd dollarga yetdi.
Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yil yakuni bilan mamlakat yalpi ichki mahsulotining nominal hajmi amaldagi 1 kvadrillion 454,6 trillion so‘mdan 1 kvadrillion 535,4 trillion so‘mga (+80,9 trillion so‘m) yoki 5,6 foizga ortdi. YaIM AQSh dollari hisobida 115 mlrd dollardan 121,4 mlrd dollarga ko‘paygan.
Shuningdek, qayta hisoblashdan so‘ng, 2024 yilda aholi jon boshiga YaIM hajmi 41,3 mln so‘mni tashkil etdi.
Omonxona BMT turizm qishloqlarini rivojlantirish dasturiga kiritildi
BMT Turizm tashkiloti tomonidan navbatdagi “Eng yaxshi turizm qishloqlari” (Best Tourism Villages) loyihasi g‘oliblari e’lon qilindi.
O‘zbekiston tomonidan Turizm qo‘mitasi Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan Omonxona qishlog‘i nomzodini taqdim etdi. Natijada Omonxona qishlog‘i tanlov g‘oliblaridan biri deb topilib, loyihaning “Rivojlantirish dasturi”ga (Upgrade Programme) kiritildi. Bu xalqaro miqyosda O‘zbekiston turizm tarmog‘ining navbatdagi yutug‘i sifatida e’tirof etilmoqda.
“Rivojlantirish dasturi”ga dunyoda turizm salohiyati yuqori bo‘lgan nufuzli qishloqlar tanlov asosida kiritiladi. Dastur doirasida mutaxassislar ko‘magi, o‘quv dasturlari va texnik maslahatlar orqali qishloqning turizm salohiyatini yanada oshirish, uni xalqaro maydonda targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston suv obektlarining davlat tilidagi ro‘yxati tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan, respublika bo‘ylab 130 ta suv obekti: daryolar va soylar, ko‘llar va buloqlar, sharsharalar va suv omborlarining davlat tilidagi nomlari tasdiqlandi. Ro‘yxatda yangi gidronimlar ham bor: Sassiqsoy nomi Sho‘rsuv deb, Gaiston sel suv ombori Yangiqo‘rg‘on deb, Jinnidaryo esa Zo‘g‘atasoy deb o‘zgartirildi.
Ro‘yxatdagi obektlarning nomi bundan buyon normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar, ish yuritish hujjatlari va xizmat yozishmalarida ushbu qaror bilan tasdiqlangan shaklda yoziladi.
Aloqa operatorlari abonent to‘lovini oshirayotgani yuzasidan tekshiruv boshlandi
O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlari narxlarni oshirayotgani yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganishlar boshlandi. Qo‘mita xabariga ko‘ra, noyabr oyi boshida aloqa kompaniyalariga so‘rovlar yuborilgan.
“Bugungi kunga qadar, xizmat sifatini yaxshilash va qamrovini kengaytirish yuzasidan aloqa operatorlari tomonidan amalga oshirilayotgan xarajatlarning narxlarga ta’siri to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar ko‘rib chiqilmoqda. O‘rganish natijalarida operatorlar tomonidan raqobatga zid harakatlar, xususan muvofiqlashtirilgan harakatlarning alomatlari aniqlangan taqdirda o‘rnatilgan tartibda tekshirish o‘tkaziladi va ushbu holatlar tasdiqlanganda amaldagi qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘rilishi ma’lum qilinadi», deyiladi iste’molchilar huquqlarini himoyalovchi organ axborotida.
Binolar zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘riladi
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, loyihalashtirish amaliyoti seysmik xavfni aniqroq inobatga olgan holda takomillashtiriladi, zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar uchun to‘lovlar qisqartiriladi va jarayonlar “Shaffof qurilish” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Shuningdek, 2027 yil 1 oktyabrga qadar MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda maxsus seysmik himoyalash uskunalari yordamida loyihalashtirishga ustuvorlik beriladigan obektlar turlari tasdiqlanishi belgilangan.
Mavzuga oid
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025
«Afrosiyob»dagi prezident va ko‘p qavatli uylarda yong‘in xavfsizligi choralari – mahalliy dayjest
21:31 / 01.12.2025