O‘zbekiston | 18:51 / 28.11.2025
39383
5 daqiqa o‘qiladi

Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov 4 yilga qamaldi

Maktab direktori Gulira’no Qosimovaning tahqirlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga sud hukmi o‘qildi. Ularga to‘rt yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud hukmi o‘qilganidan keyin Gulira’no Qosimova Kun.uzʼga intervyu berib, o‘zining kechinmalari bilan bo‘lishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Maktab direktori Gulira’no Qosimovaning tahqirlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga sud hukmi o‘qildi. Ularga to‘rt yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov uch yil muddatga ichki ishlar vazirligi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan ham mahrum qilingan.

Sud 39 yoshli Akmal Xo‘jayev va 34 yoshli Jasur Rasulovni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish, fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish, qalbakilashtirish, qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topgan.

Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi manzil koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi. Tergov va sud davrida ochiqda bo‘lgan har ikki sobiq amaldor hukm e’lon qilingach, sud zalidan qamoqqa olinib, maxsus avtomobilda vaqtincha saqlash izolyatoriga olib ketilgan. Jabrlanuvchilarga kelgusida ma’naviy zarar va boshqa zararlar yuzasidan tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirilgan. Bundan tashqari, sudning alohida xabarnomasi bilan ushbu jinoyat ishi yuzasidan boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda Farg‘ona viloyati prokuraturasiga xabar qilinishi belgilangan.

Sud hukmi o‘qilganidan keyin Gulira’no Qosimova Kun.uzʼga intervyu berib, o‘z kechinmalari bilan bo‘lishdi.

«Sud ham o‘z nihoyasiga yetdi. Ikki oy davom etgan suddan keyin sudlanuvchilarga hukm o‘qildi. Bu ishda yordam bergan hammaga rahmat aytaman. Xususan, prezidentimga, administratsiya rahbari Saida Mirziyoyevaga, Senat, hamma-hammalariga rahmat aytaman. Lekin bu, ishoning, siz o‘ylagan darajada xursand bo‘ladigan holat emas. To‘g‘ri, haqiqat qaror topyapti. Ammo birovning kulfatiga men hech qachon sababchi bo‘lishni xohlamaganman. Mana shu holatgacha kelgan barcha-barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Xususan, shu sudlarga ham, jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudiga ham, aynan o‘sha Avazbek Rahimovga — haqqoniy, adolatli ko‘rgani uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. Hozir sudning chiqargan qaroridan qoniqdim. O‘zinglar ham mana, guvohi bo‘ldinglar, qolgan barcha ishtirokchilar nomma-nom o‘qildi. O‘sha joyda bo‘lgan, qatnashgan, qolgan ichki ishlar xodimlarining harakatlari ham o‘rganib chiqilishi yuzasidan xabarnoma viloyat prokuraturasiga yuborildi», deydi Gulira’no Qosimova.

Kun.uz ushbu ish tafsilotlari haqida yoritgan materiallar bilan bu yerda tanishing:

Ishning boshqa tafsilotlari - batafsil

Mavzuga oid