Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Real Sanjik qamoqqa olindi
U o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, shuningdek, giyovandlik vositalari tayyorlash va saqlashda gumonlanmoqda.
Ijtimoy tarmoqlarda Real Sanjik taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov qamoqqa olindi.
Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 28 noyabrdagi ajrimi bilan Sanjar Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. U o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishga suiqasd qilishda gumonlanmoqda.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi va 25,273-moddasi 2-qismi nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan S. K. (erkak, 1990 Namangan viloyatida tug‘ilgan, "Finans invest" KSB ta’sischisi, ijtimoiy tarmoqlarda Real Sanjik taxallusi ostida tanilgan)ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.
Sudning 2025 yil 28 noyabrdagi ajrimi bilan Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, ayblanuvchi S. K.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi», deyiladi xabarda.
Qochoq “kuyov” va aldangan “kelin” ishi
Toshkentda yashovchi Jamila Olimboyeva yigiti Shahzod Rismatovni firibgarlikda ayblagandi. U Rismatov aldov yo‘li bilan uyini Sanjar Karimovga rasmiylashtirib berib, evaziga Karimovdan qarzga pul olganini ma’lum qilgan.
Olimboyevaning ushbu da’vosidan so‘ng Sanjar Karimov uyni egalaridan 240 ming dollar naqd to‘lov evaziga sotib olganini aytib chiqdi.
“Bu mojaroga aloqam yo‘q. Uyni o‘z pulimga sotib oldim. Agar ularning biznesi muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa, buning menga nima aloqasi bor? Men 240 ming dollar to‘laganman. Men uyni ularga yordam berish istagida sotib oldim”, degandi Sanjar Karimov.
2025 yil 21 noyabr kuni JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Shahzod Rismatovga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi. Sud hukmiga ko‘ra, Shahzod Rismatov juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topildi va unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ishni ko‘rgan sudya alohida ajrim chiqarib, Sanjar Karimovning bu firibgarlik ishidagi ishtirokini tekshirish va xatti-harakatining qonuniyligiga baho berish uchun Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga xabarnoma yuborgandi.