Jamiyat | 18:28
2877
3 daqiqa o‘qiladi

“Credit House” ishida sud boshlandi: birinchi kun qanday o‘tdi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi “Credit House” va “In Fin Story” MChJ mansabdorlari hamda boshqalarga nisbatan juda ko‘p miqdordagi firibgarlik ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Kun.uz muxbiri Dilshoda Shomirzayeva sud binosida bo‘lib, jarayonni jonli efirda yoritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

25 dekabr kuni Toshkentdan odamlarga quruvchi firmalar orqali uy olib berishni va’da qilgan “Credit House” va “In Fin Stroy” MChJlari bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud boshlandi. Kun.uz sud boshlangungacha bo‘lgan jarayonni jonli efirda uzatib bordi.

Ishni jinoyat ishi bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi ko‘rib chiqmoqda. Dastlabki majlisda ishtirok etish uchun jabrlanuvchilardan ko‘pchiligi keldi. Ammo majlis xonasiga ularning bir qismi kira oldi.

Sudya Bahodir Qayumov sudni ochib, tomonlarni tanishtirdi. Ammo majlis tezda yakunlandi. Bunga sudlanuvchilarning 2 nafarida ayblov xulosasi va 3 nafarida advokat yo‘qligi sabab ekani aytildi. Tanaffus ma’lum qilingach, keyingi sud 2026 yil 6 yanvar 14:00 da bo‘lishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ish doirasida 9 kishi Jinoyat kodeksining 8 moddasi bilan ayblanmoqda. Bular: uyushgan guruh tomonidan juda ko‘p miqdorda firibgarlik, mulkiy zarar yetkazish, juda ko‘p miqdorda valuta qimmatliklarining qonunga xilof muomalasi, chet el valutasini yashirish, juda ko‘p miqdordagi soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishdir.

1766 nafar fuqaro jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan. Hozircha ularga yetkazilgan jami zarar miqdori ma’lum emas. Kun.uz jarayonni kuzatishda davom etadi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid