Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Termiz tumaniga yangi hokim tayinlandi
Tumanning asli soliqchi bo‘lgan hokimi Shuhrat Nazarov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan vazifasidan ozod etildi va uning o‘rniga boshqa soliqchi-hokim Shuhrat Qalandarov tayinlandi.
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
30 dekabr kuni xalq deputatlari Termiz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Shu vaqtga qadar Termiz tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Shuhrat Nazarov boshqa ishga o‘tgani sababli lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Viloyat rahbari tuman hokimi vazifasiga Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan Shuhrat Iskandarovich Qalandarov nomzodini taklif qildi va nomzod tuman kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Shuhrat Qalandarov 1981 yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 2004 yilda Termiz davlat universitetini, 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi soliq akademiyasini soliqlar va soliqqa tortish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida soliq organlarida turli vazifalarda, xususan, Termiz tumanida davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Termiz va Sariosiyo tumanlari hamda Termiz shahrida hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Tayinlovga qadar Termiz tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot uchun, Shuhrat Nazarov ham soliq tizimidan chiqqan bo‘lib, 2008–2022 yillarda soliq organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2022 yildan Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lgan, 2023 yil yanvarida Termiz tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.
O‘shanda u bu lavozimda Shuhrat O‘rinov o‘rnini egallagandi.