Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bishkeklik manyak» tergov izolyatori kamerasida jonsiz holda topildi
2025 yil sentabr oyida 17 yoshli Aysuluu Mukashevaning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi ortidan hibsga olingan Qumarbek Abdirov tergov kamerasida o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda. Mudhish qotillik qirg‘izistonliklarni larzaga solgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Qotillik ortidan prezident Sadir Japarov bunday jinoyatni sodir qilganlar uchun o‘lim jazosini tiklashni taklif qildi.
Foto: ElTR
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridagi 1-tergov hibsxonasi kamerasida «bishkeklik manyak» laqabi bilan tanilgan Qumarbek Abdirov o‘lik holda topildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Jazoni ijro etish davlat xizmati (JIEDX) 41 yoshli ayblanuvchining vafot etganini tasdiqladi. Jasad 7 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mahbus o‘z joniga qasd qilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.
Qumarbek Abdirov 2025 yil sentabr oyida 17 yoshli Aysuluu Mukashevani o‘ldirganlikda ayblanib, qo‘lga olingan edi. Ish shu qadar shov-shuvga sabab bo‘ldiki, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘lim jazosini qaytarishni buyurdi.
So‘roqlarda Abdirov bir necha ayolni zo‘rlagani va o‘ldirganini tan oldi.
Abdirovning tirik qolgan qurbonlaridan biri so‘roq paytida uning so‘zlarini esladi: «Qanday qilib arqonni yechding? Sendan oldin hech kim eplay olmagan». Bu so‘zlar tergovchilarni jinoyatchi avval ham zo‘ravonlik qilgan, degan taxminga olib keldi. Ma’lum bo‘lishicha, Abdirov taksi haydovchisi sifatida ishlab, ayollarni asosan tog‘li hududlarda va shahar chekkalarida o‘ldirgan.
2016 yilda sud «bishkeklik manyak»ni qotillikka urinishda ayblab, 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi, keyinroq muddat 7 yilga qisqartirildi. 2018 yilda u koloniyadan muddatidan ilgari ozod qilindi.
2025 yil sentabr oyi oxirida 17 yoshli Aysuluu Mukashevaning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi ortidan Qumarbek Abdirov yana hibsga olindi. Hodisa qirg‘izistonliklarni larzaga soldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qotillik ortidan prezident Sadir Japarov bunday jinoyatni sodir qilganlar uchun o‘lim jazosini tiklashni taklif qildi. Keyinchalik, Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati o‘lim jazosini qaytarish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Biroq, Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi 2025 yil 10 dekabrda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqali o‘lim jazosini tiklashni nomaqbul va yuridik jihatdan imkonsiz deb topdi, chunki bu «Konstitutsiya va mamlakatning xalqaro majburiyatlariga ziddir».
Abdirovning qo‘lga olinishi uni avvalgi jinoyati uchun nega atigi 2 yil qamoqda o‘tirgani haqidagi savollarni keltirib chiqardi. Surishtiruvdan so‘ng, Bishkek shahar sudining uch nafar sobiq sudyasi va prokuror hibsga olindi, aynan ularning qarori bilan jinoyatchining jazosi yengillashtirilgan edi.
Mavzuga oid
21:14 / 04.02.2026
AQSh uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoga yetarlicha e’tibor bermadi – Gor
20:49 / 02.02.2026
Yevroparlamentda Yevropa Ittifoqining Qirg‘izistonga nisbatan siyosati tanqid qilindi
13:10 / 02.02.2026
YeI Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar rejasini muhokama qilmoqda
09:13 / 28.01.2026