O‘zbekiston | 21:04 / 13.03.2026
2653
2 daqiqa o‘qiladi

XAEA vakillari AES qurilishi jarayonini o‘rganish uchun O‘zbekistonga keladi

XAEA rahbari Rafael Grossi ushbu missiyaning O‘zbekiston atom dasturini amalga oshirishda muhim bosqich bo‘lishini qayd etdi.

Foto: O‘zatom

Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA) mutaxassislari Jizzax viloyatida AES qurilishi loyihasining borishini o‘rganadi. Bu haqda «O‘zatom» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston va XAEA yadro energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Tadbirda O‘zbekiston Atom energiyasi agentligi direktori A.Axmedxadjayev XAEA bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashdi.

Asosiy e’tibor 2026 yil ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan INIR (Yadroviy infratuzilmani integratsiyalashgan holda ko‘rib chiqish) missiyasining navbatdagi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishga qaratildi. Uning doirasida XAEA mutaxassislari Jizzax viloyatida AES qurilishi loyihasining borishini o‘rganadi. Rafael Grossi ushbu missiyaning O‘zbekiston atom dasturini amalga oshirishda muhim bosqich bo‘lishini qayd etdi.

Tomonlar, shuningdek, loyihaning amaliy bosqichi - mamlakatdagi birinchi AESning Jizzax viloyati Forish tumanidagi qurilish maydonchasida ilk beton quyish ishlarini boshlash masalasini muhokama qildi. Grossi loyihaning ahamiyati va uning o‘ziga xos jihati – yagona majmua doirasida katta va kichik quvvatli reaktorlarni integratsiya qilish rejalashtirilayotganiga e’tibor qaratdi.

Grossi O‘zbekistonning milliy yadro infratuzilmasini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatning atom energetikasini xalqaro standartlar va XAEA tavsiyalariga muvofiq rivojlantirishga doir izchil yondashuvini ijobiy baholadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid