O‘zbekiston | 18:33
2031
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘qituvchilardan bolalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qildi

“Har bir vaziyatda amaldagi qonunchilik, ichki tartib-qoidalar hamda kasbiy etika talablariga to‘liq amal qilinishi shart. Mazkur masalada loqaydlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaning pedagoglarga murojaatnomasida.

Foto: O‘zA

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova tizimdagi ta’lim muassasalari xodimlariga murojaat bilan chiqdi.

Murojaatnomada ta’kidlanishicha, bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ularning ruhiy holatini ehtiyotkorlik bilan asrash ta’lim tizimi xodimlarining asosiy kasbiy shioriga aylanmog‘i lozim.

“Har qanday noo‘rin xatti-harakat, beparvolik yoki loqaydlikning oldini olish, pedagogik etika me’yorlariga qat’iy amal qilish va yuksak kasbiy madaniyatni namoyon etishingiz zarur”, deyiladi murojaatnomada.

Vazir pedagoglardan ta’lim muassasalarida sog‘lom, ijobiy va insonparvar muhitni ta’minlash, bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan doimo hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishni qat’iy talab qildi.

“Har bir vaziyatda amaldagi qonunchilik, ichki tartib-qoidalar hamda kasbiy etika talablariga to‘liq amal qilinishi shart. Mazkur masalada loqaydlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir xodim o‘z faoliyati natijalari uchun shaxsan javobgar ekanligini chuqur anglab yetishi zarur. Rahbar sifatida sizlardan yuksak mas’uliyat, doimiy hushyorlik va fidoyilikni kutaman”, degan E’zoza Karimova o‘z murojaatnomasida.

Avvalroq Samarqanddagi maktabda direktor o‘rinbosari va o‘quvchi o‘rtasida mushtlashuv yuz bergan, Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olingandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid