O‘zbekiston | 15:23
5273
2 daqiqa o‘qiladi

«Dejurniy jabrlanuvchilar» ishi. IIV holatni o‘rganmoqda

Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Kun.uz saytining «soxta jabrlanuvchilar orqali jinoyatchi yasash» amaliyoti haqidagi maqolasi yuzasidan munosabat bildirib, maxsus reyestr yuritish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz 

11 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri ichki ishlar organlarida «dejurniy jabrlanuvchilar» amaliyoti shakllanayotgani, ayrim holatlarda «jinoyatchiga aylantirish» usuli kuzatilayotgani haqida savolni ko‘tardi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Tergov departamenti rahbari Ramazon Ashropov mazkur masala yuzasidan tekshiruvlar boshlanganini ma’lum qildi.

U xizmat tekshiruvlari yoki surishtiruvlar jarayonida «navbatchi jabrlanuvchilar» holatlari aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Shuningdek, sudlar tomonidan yuborilayotgan xususiy ajrimlar ham o‘rganilmoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarni biz ham kuzatib, monitoring qilib ko‘rib boramiz. Negativ holatlar tahlil qilinadi va bartaraf etish choralari belgilanadi. Kelib tushayotgan har bir material tergovga qadar tekshiruv o‘tkazuvchi – YHXV, profilaktika va jinoyat-qidiruv bo‘linmalari tomonidan o‘rganiladi.

Sizlarning e’tirozingizdan keyin haqiqatan bunday holat bormi-yo‘qmi, tekshirishga kirishdik. Bu masala bo‘yicha alohida reyestr yuritilyapti. Albatta, bu to‘g‘ri ko‘tarilgan masala, “dejurniy jabrlanuvchilar” bo‘lishi mumkin. Qonun buzilishi aniqlansa, barchasiga nisbatan qonun ustuvorligi ta’minlanadi», – dedi Ashropov.

Ma’lum qilinishicha, hozirda har bir hudud bo‘yicha kelib tushayotgan materiallar yuzasidan alohida reyestr shakllantirilgan. U 208 ta tuman kesimida yuritilib, nazorat shaxsan vazir o‘rinbosari zimmasiga olingan.

Avvalroq Kun.uz’da Jizzax viloyatida «dejurniy jabrlanuvchi» orqali jinoyat ishi yasashga urinish va bu «dejurniy jabrlanuvchi» bir necha jinoyat ishlarida arizachi sifatida qatnashgani ochiqlangan edi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid