O‘zbekiston | 18:35
1889
5 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravon pedagoglarga cheklov va Kudbiyevning qimmatbaho soati – mahalliy dayjest

Prezident Shavkat Mirziyoyev narkotiklar savdosi, narko-jinoyatlar va ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida qimmatbaho soatda ko‘rinish berdi. Bolalarga nisbatan noqonuniy xatti-harakat sodir etgan pedagoglar ta’lim tizimidan 1 yilga chetlatilishi mumkin. Sovuq qurolga oid qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Shavkat Mirziyoyev: Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin

Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yo‘llagan prezident Shavkat Mirziyoyev narkotiklar savdosi, narko-jinoyatlar va ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.

“Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning “moliyaviy arteriya”larini bo‘g‘ib qo‘ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi”, dedi prezident.

Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

«Tanqidlar o‘rinli» - Sherzod Kudbiyev qimmatbaho soati yuzasidan izoh berdi

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida qimmatbaho soatda ko‘rinish berishi ortidan boshlangan muhokamalarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu soat lyuks model (taxminlarga ko‘ra Vacheron Constantin Overseas yoki Breguet Marine) ekanini va narxi 50 ming dollar turishini taxmin qilishgan.

19 aprel kuni Sherzod Kudbiyev videomurojaat e’lon qildi va unda davlat xizmatchisi kamtar bo‘lishi kerakligini aytdi. Shuningdek, amaldorlar ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarda kasbiy etikaga qat’iy amal qilishi zarurligi haqidagi fikrga qo‘shilgani hamda bo‘lgan voqeadan saboq chiqarganini ta’kidladi.

Zo‘ravon pedagoglarga cheklov: ular 1 yil ta’lim tizimiga ishga kirolmaydigan bo‘ladi

Bolalarga nisbatan noqonuniy xatti-harakat sodir etgan pedagoglarni ta’lim tizimidan vaqtincha chetlashtirishni nazarda tutuvchi qonun Senat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ta’kidlashicha, hozir zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan pedagoglar bu muassasadan ishdan bo‘shatilsa, boshqa ta’lim dargohida faoliyatini davom ettirishi mumkin. Yangi tartib bilan bu kabi holatlarda ularning ta’lim tizimida ishlashiga 1 yillik cheklov o‘rnatiladi.

Ombudsmanga ko‘ra, ta’lim muassasalariga ishga qabul qilinayotgan xodimlarni psixologik tekshiruvdan o‘tkazish zarurati bor. Bolalar bilan ishlash yuqori darajada emotsional barqarorlikni talab qiladi va agressiya yoki depressiya holatidagi shaxslar bu muhitda xavf tug‘dirishi mumkin.

Sovuq qurolga oid qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga muvofiq, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni jamoat joylarida ochiq holda olib yurish, agar bu huquqbuzarlik uchun avval ma’muriy jazo qo‘llangan bo‘lsa va u bir yil ichida takroran sodir etilsa, BHM 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan himoya orderi amal qilgan davrda ularning fuqaroviy qurolni saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi. Bunday hollarda qurol va uning o‘q-dorilarini olib qo‘yish ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid