Iqtisodiyot | 13:31
1776
3 daqiqa o‘qiladi

Quyosh panellari egalariga subsidiya to‘lash kechikmoqda

Quyosh panellarida ishlab chiqarilib, umumiy elektr tarmoqlariga uzatilgan energiya uchun fuqarolarga subsidiyalar vaqtida to‘lab berilmayapti. Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatlarda ayrim holatlarda hisoblangan mablag‘lar bir necha oydan buyon to‘lanmayotgani aytiladi. Energetika vazirligi bu masala Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatida ekanini ma’lum qildi. IMVga ko‘ra, masala yuzasidan tegishli ishlar olib borilyapti va yaqin vaqt ichida rasmiy ma’lumot beriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2023 yil 1 apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra, umumiy quvvati 50 kWh'gacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga o‘z ehtiyojidan ortib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har 1 kWh elektr energiyasi uchun 1 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi hajmi hisoblagichlar orqali qayd etiladi, hisoblangan mablag‘lar esa “Soliq” mobil ilovasida aks ettiriladi. Fuqarolar orasida ushbu mablag‘lar ko‘pincha “keshbek” nomi bilan tilga olinayotgan bo‘lsa-da, amaldagi tartibda ular subsidiya sifatida belgilangan.

Kun.uz’ga yo‘llangan murojaatda qayd etilishicha, ayrim quyosh paneli egalari eksport qilingan elektr energiyasi uchun hisoblangan subsidiyalarni o‘z vaqtida ololmayotganidan shikoyat qilgan. Murojaat mualliflari to‘lovlarning kechikish sabablari, muammo vaqtinchalik yoki tizimli ekani, shuningdek, mablag‘lar qachon to‘lab berilishi yuzasidan izoh so‘ragan.

So‘nggi bir hafta ichida tahririyat subsidiyalar to‘lanmayotgani haqida bir nechta murojaatni qabul qildi. Yana bir murojaatda shunday deyiladi: “Men Farg‘onadanman, subsidiya 25 maydan buyon to‘lab berilmayapti. Bu savol hozirgi kunda butun respublikada dolzarb. Nima uchun to‘lovlar kechikayotgani shaxsan o‘zim uchun ham qiziq”, – deydi murojaatchi.

Kun.uz Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bog‘landi.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Kun.uz'ga bergan izohida ushbu subsidiyalar davlat budjetidan moliyalashtirilishi, mablag‘larni ajratish va to‘lash bilan bog‘liq masalalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatiga kirishini ma’lum qildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati esa masala yuzasidan tegishli ishlar olib borilayotgani, yaqin vaqt ichida rasmiy ma’lumot taqdim etilishini bildirdi.

Avvalroq, o‘zbekistonliklarning quyosh elektr energiyasini sotishdan olgan daromadi 9 barobarga oshgani ma’lum qilingandi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning I choragida 45,2 ming nafar jismoniy shaxs quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotib, 73,9 mlrd so‘mdan ortiq daromad olgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda, subsidiya oluvchilar soni 3,5 barobarga, to‘langan mablag‘ hajmi esa 9 barobarga oshgan.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid