Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mashinalarni oqizgan sel va 1,5 millionga yetgan talabalar - mahalliy dayjest
Uch karra yer solig‘i muayyan davr uchun bekor qilindi. Jizzaxda sel 3 ta avtomobilni oqizib ketdi. O‘zbekistonda talabalar soni 1,5 milliondan oshdi. Qarshi tumanida sudya yordamchisi 2,5 ming dollar bilan ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Uch karra yer solig‘i muayyan davr uchun bekor qilindi
Yer uchastkasidan hujjatsiz foydalangan shaxslardan 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha undirilgan uch karra yer solig‘i bekor qilindi. Yangi qonunga ko‘ra, ortiqcha soliq summalari qayta hisob-kitob qilinib, fuqarolarga qaytariladi.
Bu aholiga yengillik yaratish maqsadida qilingani ta’kidlanmoqda. Qayd qilinishicha, bugungi kunda 6 million 800 ta yer uchastkasidan qariyb 60-70 foizining hujjati yo‘q. Ko‘plab holatlarda yer maydonlari o‘zboshimcha egallab olinmagan, balki yillar davomida meros bo‘lib o‘tgan.
Ta’kidlanishicha, uch karra yer solig‘i qisman, ya’ni 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha bekor qilingan. Shu davrdan keyingi muddat uchun uch karra soliq undirishda davom etiladi. 2025 va 2026 yillarda hisoblangan uch karra soliq bekor qilinmaydi.
Agar fuqaro 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha bo‘lgan davr uchun uch karra soliqni to‘lagan bo‘lsa, bu summa qaytariladi.
Jizzaxda sel 3 ta avtomobilni oqizib ketdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 iyun kuni Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan.
Qayd etilishicha, sel oqimi tabiiy sel yo‘li orqali harakatlangan. Biroq sel yo‘lida qoldirib ketilgan 3 ta yengil avtomobilni oqizib ketgan. Mas’ullarning bildirishicha, hodisa oqibatida fuqarolar orasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
O‘zbekistonda talabalar soni 1,5 milliondan oshdi
2025-2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi. Bu mamlakat oliy ta’lim tizimi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, bir yil ichida talabalar soni 102 ming nafardan ziyodga ko‘paygan.
Jami talabalarning 782,9 ming nafarini ayollar, 752,1 ming nafarini esa erkaklar tashkil etgan. Shu tariqa oliy ta’limda ayollar ulushi erkaklarga nisbatan yuqoriroq bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi yillarda talabalar soni izchil o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. Mutaxassislar bu o‘sishni mamlakatda oliy ta’lim qamrovining kengayishi, yangi universitet va filiallar tashkil etilishi hamda qabul kvotalarining oshirilishi bilan izohlamoqda.
Qarshida sudya yordamchisi ushlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudining sudya yordamchisi fuqaroni boshqa hududdagi ish joyiga o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga 2500 AQSh dollari talab qilgan vaqtida tezkor tadbirda ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudya yordamchisi Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limida joriy yil may oyidan faoliyat yurita boshlagan xodimga o‘zining mansabdor tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yganini aytgan.
Shuningdek, u kelgusida mazkur xodimni o‘zi istagan tumandagi MIB bo‘limiga o‘tkazib berishini bildirib, buning uchun 2500 AQSh dollari so‘ragan.
Tezkor tadbirda sudya yordamchisi talab qilingan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi davlat xavfsizlik xizmati xabarida.
Mavzuga oid
19:27 / 18.06.2026
Milliy jamoaning tarixiy o‘yini va birinchi sun’iy yo‘ldosh interneti - mahalliy dayjest
19:17 / 17.06.2026
Investorlar uchun yangi kafolatlar va aholidagi mobil telefonlar miqdori - mahalliy dayjest
18:51 / 16.06.2026
Chirchiq bo‘yida yangi dam olish maskani va yomon ishlayotgan banklar ro‘yxati - mahalliy dayjest
20:01 / 15.06.2026