Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lacetti ikkiga bo‘linib ketgan avariya oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan
Avariya uchta avtomobil ishtirokida ro‘y bergan: katta tezlikda harakatlangan Zeekr qayrilib olayotgan Lacetti’ni aylanib o‘tib, yo‘lida davom etgan, katta tezikda harakatlangan Kia K5 esa Lacetti’ni urib, ikkiga bo‘lib yuborgan. Lacetti yo‘lovchilaridan ikki nafari vafot etib, yana uch kishi, jumladan, ikki bola jarohat olgan. Katta tezlikda harakatlangan Zeekr va Kia K5 rulida maktab o‘quvchilari bo‘lishgan. Katta ehtimol bilan, ular o‘zaro poyga uyushtirgan. Zeekr haydovchisi voqea joyidan qochib ketgan.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Yunusobod tumanida ro‘y bergan dahshatli yo‘l-transport hodisasi oqibatlari haqida bir hafta o‘tib ma’lumot berdi: ikki kishi halok bo‘lib, uch kishi jarohatlangan.
Ushbu dahshatli YTH 30 iyun kuni soat ertalabki 5:10 atrofida Amir Temur – Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida sodir etilgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Lacetti haydovchisi qayrilmoqchi bo‘lganida o‘ng tomondan o‘ta yuqori tezlikda harakatlangan Zeekr uni aylanib o‘tib ketgani, ammo shu kabi tezlikda kelgan Kia K5 avtomobili to‘qnashuvdan qochib qutula olmaganini ko‘rish mumkin.
To‘qnashuv oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketgan.

Oqibatda Lacetti avtomobilidagi ikki kishi halok bo‘lgan. Uch kishi, jumladan, ikki yosh bola og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kia va Zeekr avtomobillarini voyaga yetmagan shaxslar boshqargan.
Kia boshqaruvida bo‘lgan maktab o‘quvchisi mashinani otasidan so‘ramasdan olib chiqib ketganini aytgan va xalqdan uzr so‘ragan.

«O‘rtoqlarimni chaqirgan edim. Maqsad ozgina mashina haydash edi. NBU bank tarafidan kelayotgan edim, chorrahada Lacetti yo‘lga chiqib qoldi, tezligim katta bo‘lgani sababli mashinani to‘xtata olmay qoldim. Qilgan ishimdan juda katta afsusdaman.
Vafot etgan odamlarning qarindoshlaridan uzr so‘rayman. Ota-onamdan uzr so‘rayman, bunaqa bo‘lishini xohlamagan edim. Ota-onamning yuzini yerga qaratdim. Xalqimizdan uzr so‘rayman, qilgan ishim uchun uzr so‘rayman. Men tengi yoshlarga rulga o‘tirishni maslahat bermayman, yomon narsaga olib kelar ekan», – deydi u.
Uning otasi o‘g‘li qonun doirasida jazolanishiga rozi ekanini bildirgan.
«O‘g‘lim mashinaning kalitini olib chiqib ketib, birovning oilasini barbod qildi. Qarindosh-urug‘laridan uzr so‘rayman, opa-ukalaridan, hammasidan uzr so‘rayman. O‘g‘limga ham, nima jazo bo‘lsa, qonun doirasida ko‘rishingizga tayyormiz», – degan ota.
Zeekr boshqaruvida bo‘lgan maktab o‘quvchisi esa voqea joyidan qochib ketganini tan olgan.

«Men yashil chiroqda o‘tib ketayotganimda, Lacetti qayrilishga turib olgan edi va yurishni boshlagandi. Keyin o‘rtog‘im unga urilib ketgan ekan. Shok holatida uyga ketib qoldim. Bunaqa ish bo‘lganidan juda ham afsuslanaman. Men xohlamagandim bunaqa bo‘lishini, kechirim so‘rayman hammadan, ota-onamdan va u oiladan ham», – deydi u.
«Men bolamni nazoratsiz qoldirdim deyolmayman, chunki bu holat bolam uyda, men uyda, hammamiz uxlayapmiz, deb o‘ylagan paytda bo‘lgan. Bilmayman, bu qanday bo‘ldi, bolamdan buni kutmagandim.
Ozgina haydayman, ko‘chadan darrov olib kirib qo‘yaman garajga, deb o‘ylagandim deyapti. Mashinaning bunaqa tez mashinaligini tushunmay qoldim, deb o‘zi tushuntiryapti menga.
Men ham afsusdaman, bu ham afsusda. Bu o‘zining ich-etini yeb, tamom bo‘ldi. Bunaqa holat boshqa bo‘lmaydi. Katta bo‘lsam ham o‘tirmayman rulga, deyapti. Men u oiladan juda uzr so‘rayman, biz ham sababchi bo‘lib qolganimiz uchun», – deydi uning onasi.
Ushbu holat yuzasidan jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgan, unda mahalla faollari hamda ushbu o‘quvchilar tahsil olayotgan maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar ishtirok etgan.
Mazkur holat yuzasidan IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Holatga obektiv va xolisona baho berish yuzasidan tergov guruhi tuzilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
10:58
Toshkentda Lacetti chiroq ustuniga borib urildi
10:44 / 07.07.2026
Buvi va nabiraning fojiali o‘limi: Andijondagi YTH qasddan odam o‘ldirish deya malakalanishi kerak
09:00 / 05.07.2026
Mundialdagi debyutga rasmiy baho, qimmatlayotgan benzin va o‘pirilgan damba - hafta dayjesti
13:12 / 04.07.2026