Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Poytaxt Parking” atrofida munozara: jarima, e’tirozlar va izohlar
Toshkent shahriga yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar albatta kerak, lekin bu tizim avvalboshdan xatolar ustiga qurildi, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov. Rasmiylar esa boshqa fikrda: shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev bu loyihani hokimlikning boshqa loyihalari orasida eng muvaffaqiyatlisi deb atadi. Kun.uz tomonlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil qildi.
Toshkent shahar hokimligi yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohdan foydalanib, pulini to‘lamagan shaxslarni BHMning 2 barobari (1 sentabrdan boshlab 880 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortish tashabbusi bilan chiqdi.
Hokimlik tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygach, tarmoqlarda ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ldi.
Kun.uz mavzu borasida fikr almashish uchun Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev, jamoatchilik faoli va iqtisodchi Otabek Bakirov, “Streetpark Systems” MChJ (yo‘lbo‘yi avtoturargohlar operatori) direktori Qudratbek Yoqubov va kompaniya huquqshunosi Davron Ahmadov ishtirokida ochiq muloqot tashkil etdi.
Suhbat ishtirokchilari yo‘l yoqasida mashinani qoldirib ketish pulli bo‘lishi – katta shaharlar uchun odatiy va zaruriy chora ekanini e’tirof etdi va muloqot mazkur tizim nechog‘lik to‘g‘ri tashkil etilgani, ma’muriy jarima joriy etishning asosliligi kabi masalalar atrofida kechdi.
Otabek Bakirov: Pulli avtoturargohlar mutlaqo zarur bo‘lsa-da, 2024 yil noyabr oyidan boshlab Toshkent sharoitida pulli to‘xtash tizimini yaratish, shakllantirish va rivojlantirishda yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan barcha xatolarga yo‘l qo‘yildi. Xatolar birinchi kundan, ya’ni pulli to‘xtash tizimi bo‘yicha birinchi auksionni tashkil etishdan boshlandi. Eng katta xato Toshkentning barcha ko‘chalarini bitta lot sifatida auksionga qo‘yish bo‘ldi. Boshidanoq bitta investor yoki operator butun shaharni tartibga soluvchi tizim yarata olmasligi aniq edi. Da’vogarlarda bunday keng ko‘lamli loyihani amalga oshirish uchun zarur moliyaviy, texnik va huquqiy resurslar yetishmasdi.
Ikki yaxshiroq yo‘l bor edi. Birinchisi, biz bir nechta lotlar bilan auksionlar tashkil qilib, Toshkentda bir nechta operatorning ishlashiga imkon berishimiz kerak edi. Ikkinchi yo‘l, ko‘plab Sharqiy va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida qo‘llangan “ochiq bozor” tizimini yaratish edi. Bu modelda butun to‘xtash tizimi munitsipalitet (hokimlik) nazorati ostida bo‘ladi va ma’lum mezonlarga javob beradigan har qanday operator xizmatlar ko‘rsatishi, to‘lovlarni amalga oshirishi va sodiqlik tizimlari hamda obunalar orqali raqobatlashishi mumkin, bunda daromadni shahar oladi va operatorlarga komissiya to‘laydi.
2024 yil noyabr oyida 80 ta ko‘chadagi taxminan 111 kilometr masofa bitta lot sifatida auksionga qo‘yildi. Bir kompaniya 120 milliard so‘mlik taklif bilan g‘olib chiqdi, ammo ikki hafta o‘tgach, auksion kutilmaganda bekor qilindi. Dekabr oyida yangi auksion o‘tkazildi va hozirgi faoliyat yuritayotgan kompaniya qariyb 62 milliard so‘mlik taklif bilan g‘olib bo‘ldi.
Bir yarim yildan ortiq vaqt o‘tdi va biz hali ham operator va shahar hokimiyati o‘rtasidagi shartnoma shartlarini bilmaymiz. Biz shahar majburiyatlari, operator mas’uliyati, investitsiya shartnomasining tafsilotlari yoki tomonlarning o‘zaro huquq va majburiyatlarini bilmaymiz. Ushbu xizmat iste’molchilari sifatida bizda yetarlicha ma’lumot yo‘q va bizning oldimizda hech qanday hisobdorlik mavjud emas. Biz avtoturargoh huquqi uchun 62 milliard so‘mlik to‘lovning qancha qismi to‘langanini hali ham bilmaymiz. Shuningdek, dasturiy ta’minot huquqlari uchun qancha pul to‘langanini ham bilmaymiz. Kompaniya 2025 va 2026 yillarda shahar rivojlanish jamg‘armasiga qancha pul to‘lagani noma’lum. Shuningdek, investitsiya shartnomasi qay darajada bajarilganidan ham bexabarmiz.
Shahar hokimiyati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, tanlangan kompaniya avtoturargoh tizimidan foydalanayotgan haydovchilarning atigi 2-3 foizidan to‘lovlarni yig‘ayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu jiddiy muammo borligini aniq ko‘rsatadi va operatorni tanlashda katta xatoga yo‘l qo‘yilganining yaqqol belgisidir.
Abdurahmon Baxtiyev: Birinchi auksion g‘olibi 120 milliard so‘mgacha taklif bergan ishtirokchi, ehtimol, bu bir martalik to‘lov emas, balki yillik ijara haqi ekani va uni to‘lay olmasligini anglagach, voz kechgan. Ikkinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi ham katta mablag‘ to‘lanishini tushungach, voz kechgan. Natijada auksion tashkilotchisi qonunchilik tartib-qoidalariga muvofiq auksionni avtomatik ravishda qayta boshlashga majbur bo‘lgan. Bunda hech qanday yomon niyat bo‘lmagan; bu tabiiy, qonun bilan belgilangan jarayon edi.
Otabek Bakirov: Hozirda “Poytaxt Parking” sifatida faoliyat yuritayotgan yakuniy g‘olib birinchi bekor qilingan auksionda ishtirok etganmi?
Abdurahmon Baxtiyev: Ha, “Streetpark Systems” birinchi auksionda qatnashib, yutqazgan. Bu kompaniya o‘sha vaqtda yangi tashkil etilgan bo‘lgani, dastlabki g‘oliblar voz kechib, yangi auksion o‘tkazilgach, unda g‘olib chiqqani vaziyatni tashqaridan qaraganda kelishilgan qilib ko‘rsatishi mumkin.
Otabek Bakirov: Nima uchun nazorat organlari tomonidan bu g‘ayrioddiy voqealar ketma-ketligi bo‘yicha komplayens tekshiruv o‘tkazilmadi?
Abdurahmon Baxtiyev: Men joriy yil yanvarida shu lavozimga kelganimdan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan suhbatlashganman. Ular ham shu parking masalasini o‘rganib, qanchalik to‘g‘ri ekanini ko‘rib chiqishni so‘rashgan. Men o‘rganish olib borib, u yerda hech qanday xatolik bo‘lmaganiga o‘zim amin bo‘ldim.
Otabek Bakirov: Har qanday auksiondan maqsad iloji boricha qimmatroq sotish bo‘lishi kerak. Buning uchun esa talabgorlar sonini ko‘paytirish lozim. Noyabrdagi auksion bekor bo‘lganidan keyin, juda katta ochiqlik va reklama kampaniyasi ketishi, auksionga ko‘proq kompaniyalarni, hatto xorijdan ham talabgorlarni jalb qilish kerak edi. Lekin apil-tapil, zudlik bilan ikki haftaning ichida qaytadan auksion o‘tkazilganining o‘zi juda katta muammo.
Nima sababdan hatto katta summada xayriya qiladigan odamlar avtoturargohga kelganda 12 ming so‘m to‘lashga qorni og‘riyapti? Chunki ular 12 ming so‘m to‘lash bilan shahardagi infratuzilmaning yaxshilanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rmayapti. Ular buyragi operatsiya bo‘layotgan odamga 1 mln so‘m berib, unga yordam berayotganini tushunib yetyapti, lekin 12 ming so‘m to‘lab, Toshkent shahridagi tirbandlik yo‘qolishiga, jamoat transporti yaxshilanishiga ishonmayapti. Muammo mana shu joyda.
Abdurahmon Baxtiyev: Ko‘plab ko‘chalar bitta lotda auksionga qo‘yilganiga kelsak, bu – shahar va O‘zbekiston uchun yangi tajriba hamda uni tez va bir xil standart asosida amalga kiritish uchun yagona katta lot qilishga qaror qilingan. Sababi, bitta operator bilan shu mexanizmni ishlab olib, hamma kamchiliklarni o‘rganib olib, keyingi bosqichlarda yangi hududlarni lotlarga bo‘lib chiqarmoqchimiz.
Otabek Bakirov: Kesishuvchi ko‘chalarni bitta lotga kiritish raqobatga putur yetkazadi. Masalan, Buxoro ko‘chasi, Matbuotchilar ko‘chasi va Nuroniylar ko‘chasi kesishuvchi ko‘chalar bo‘lgani uchun bitta lotga tushmasligi kerak. Siz allaqachon eng raqobatli, eng jozibador ko‘chalarni birinchi lotda berib bo‘ldingiz va endi u yerda raqobat muhitini yarata olmaysiz.
Abdurahmon Baxtiyev: Men tashqaridan kelgan yangi odam sifatida loyihani tahlil qilganimdan keyin shunday tasavvur paydo bo‘ldi: boshqa shaharlarning tajribasida ko‘cha chetidagi parkovkalarni joriy etishga 10 yillab vaqt ketgan, bizda esa bir-bir yarim yil ichida ma’lum bir tajriba shakllandi. To‘g‘ri, kamchiliklar bor, lekin baribir buni hokimiyatning boshqa loyihalariga nisbatan eng muvaffaqiyatlisi deb hisoblayman.
Otabek Bakirov: Auksion natijalari bekor qilinishi kerak, deb hisoblayman. Shartnoma bekor qilinib, hokimiyat butun parkovka tizimini o‘zining nazoratiga qaytarishi va buni operatorlarga ochiq bozor tizimida taklif etishi kerak. Bu yerda shartli misol sifatida aytsam, Yandex ham, Uzum ham, banklar ham raqobatlashishi mumkin. Shunda Toshkent shahar budjeti va iste’molchilar yutadi.
Abdurahmon Baxtiyev: Hokimiyat kelajakda raqobatni va avtoturargohlarda bo‘sh joy bo‘lishini narx-navo bilan boshqarmoqchi. Donald Shoupning nazariyasiga ko‘ra, avtoturargohning bandlik darajasi 80-85 foizdan oshmasligi kerak. Bunga esa tarif bilan erishiladi. Masalan, San-Fransiskoda eng jozibador ko‘chada narxni 1 dollardan 1,5 dollarga oshirib, kamroq talab bo‘lgan ko‘chalarda 50-75 sentga tushirishgan. Biz ham har bir ko‘cha uchun o‘zining tarifikatsiyasini joriy etib, ideal balansga olib kelmoqchimiz.
Auksionni boshqadan o‘tkazish borasida hokimiyatning pozitsiyasi shundaki, yagona katta lot – tez va bir xil standartni joriy etish uchun qilingan. Bu birinchi bosqich uchun o‘rtacha lot. Biz kelajakda, keyingi bosqichlarda yana boshqa ko‘chalarni lotlarga bo‘lib, yangi auksionlarga chiqarishni rejalashtirganmiz. Bu oxirgi qaror emas.
Otabek Bakirov: Nima uchun operatorning to‘lovlari va ularning taqsimlanishi haqida ochiq ma’lumot yo‘q? Axir iste’molchi 12 ming so‘mni nima uchun to‘layotganini va bu pul qanday taqsimlanishini bilishga haqli emasmi?
Abdurahmon Baxtiyev: Hozirgi kunga qadar jami 33 milliard so‘m olganmiz. Buning ichida ikki xil to‘lov bor: ijara to‘lovi va avtoturargohdan tushumning bir qismi. Ijara to‘lovining 65 foizi hokimiyatga, qolgan qismi esa bo‘linishga qarab boshqa tashkilotlarga tushadi.
Bu yerda aniqlik kiritishimimiz kerak bo‘lgan joyi bor. Ayrim sabablarga ko‘ra, biz shaharda yo‘lbo‘yi avtoturargohlar uchun auksionda o‘ynalgan 13 mingta avtoturargoh o‘rnining hammasini ham berolmadik. Qaysidir joylarda davlat standartlariga asosan, qaysidir joylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash zarurati tufayli yo‘lbo‘yi avtoturargoh qilishning imkoni bo‘lmadi. Shu sababli 5300 ta joyga ruxsat berishga majbur bo‘ldik. Shu sababli yillik ijara to‘lovi auksionda belgilangan 62-63 mlrd so‘m miqdorida emas, avtoturargoh o‘rinlari soni 13 mingtadan amalda 5300 taga kamaygani tufayli, shu miqdordan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.
Munozarali kechgan suhbatni to‘liq video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
17:14
Biznes-ombudsman Toshkent shahar hokimligini ogohlantirdi
17:09
“Turon” metro bekati tomining bir qismi qulab, ikki kishi jarohatlandi
14:23 / 14.07.2026
Sobiq onkologiya shifoxonalari hududi hozir qanaqa holatda?
22:10 / 11.07.2026