Jamiyat | 20:39 / 20.06.2017
18901
4 daqiqa o‘qiladi

2100 yilga borib Yer shari aholisining 74 foizini anomal issiqlik to‘lqini qamrab oladi

Foto:AP Photo / Manish Swarup

Kelgusi yuz yillikning boshiga borib, Yer shari aholisining to‘rtdan uch qismi doimiy issiqlik to‘lqinlari hukmron bo‘lgan hududlarda yashaydi. Nature Climate Change jurnalida chop etilgan maqolada olimlar shunday ma'lumot bilan bo‘lishishdi.

"Hodisalar rivojining ehtimoliy variantlari ro‘yxati kelgusida muntazam qisqarib boradi. Issiqlik to‘lqini haqida gapiradigan bo‘lsak, dahshatli va juda dahshatli ssenariylar o‘rtasida tanlashimiz mumkin. Ko‘plab odamlar hozirgi davrning o‘zidayoq anomal issiqlik ta'siri natijasida hayotdan ko‘z yummoqda va hatto iqlimning o‘zgarishi bilan kurashish ham kelgusida bunday vaziyatlar qurbonlari sonining o‘sishidan qutqara olmaydi", - deydi Manoadagi Havayi universiteti olimi Kamilo Mora. 

Global isish asoratlaridan biri "ekstremal ob-havo", ya'ni qishda anomal issiq va yozda anomal sovuq harorat, issiqlik to‘lqinlari, haftalik sel yomg‘irlari, qurg‘oqchilik va boshqa fenomenlar davri hisoblanadi. 

Akademik Igor Moxovning ta'kidlashicha, bunday hodisalar chastotasi kelgusida faqat o‘sib boradi va ular borgan sari kattaroq hududlarni qamrab oladi. G‘arbiy iqlimshunoslarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu o‘lim holatlarining keskin ko‘payishiga olib keladi - yozda issiqlikning har bir "ortiqcha" harorati halok bo‘layotganlar sonini 5 foizga oshiradi. 

Mora va uning hamkasblari insoniyat global isishdan saqlanish choralarini ko‘rmagan taqdirda 2100 yilga borib issiqlik to‘lqini bilan bog‘liq vaziyat qanday o‘zgarishi va ular to‘liq amalga oshirilgan taqdirda qanday o‘zgarishlar kutilishini aniqlashga qaror qilishdi. 

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari 2100 yilga borib, sayyora aholisining 74 foizi har ikkinchi yoz mavsumida nafaqat yuqori  harorat, balki yuqori namlik darajasi qayd etiladigan hududlarda yashashini ko‘rsatdi. Bu esa inson tanasining ter chiqarish orqali sovushiga halaqit beradi.

Nyu-York va Moskva kabi ba'zi shaharlarda anomal issiqlik davri 50 kuncha davom etadi. Tropik va ekvatorial mintaqalar yanada ko‘proq jabrlanadi. Hindiston, Braziliya va Janubi-Sharqiy Osiyoning deyarli butun hududi yuz yillik oxiriga borib insonlar yashashi uchun yaroqsiz ahvolga keladi. 

Agar dunyoning yetakchi davlatlari Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi va global isish bilan kurashishga yo‘naltirilgan boshqa choralar ijrosidan to‘liq voz kechsa, kelgusida  issiqlik urishi, yurak xuruji va tananing qizishi natijasida yuzaga keluvchi boshqa kasalliklar natijasidagi o‘lim holatlari darajasi keskin oshadi. 

Boshqa bir tomondan, Mora va uning hamkasblarining tan olishicha, bu choralarning amalga oshirilishi "anomal issiqlik" zonasining kengayishini to‘xtata olmaydi, shunchaki bu jarayonni biroz sekinlashtiradi xolos.

Mavzuga oid