Fan-texnika | 15:54 / 11.09.2018
17108
5 daqiqa o‘qiladi

Kelajak shaharlarini konditsionerlarsiz tasavvur qilib ko‘ring

Foto: Pixabay

Agar siz hozir isib ketayotgan bo‘lsangiz, bu hali holvasi. Yaqin yillarda termometr yanada yuqori harorat ko‘rsatadi.Ana o‘shanda shaharlarda qanday yashaymiz?

2014 yilda Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo mutaxassislar guruhi o‘zlarining beshinchi maqolasi chop etilishi munosabati bilan global isish belgilari tez orada sezilishi va jiddiy oqibatlarga olib kelishini bir ovozdan ma'lum qilishdi. Gap suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, jazirama, shuningdek, butun dunyoda yoz faslida o‘rtacha haroratning ko‘tarilishi haqida ketyapti.

2018 yilda iqlimshunos, Fransiyaning 21 asrdagi iqlimi ma'ruzasi muallifi Jan Juzel (JeanJouzel) 2050 yilga kelib, harorat mamlakatning ko‘p qismida 50°C ga yetishi mumkinligini aytgan. Bu esa tasavvurga sig‘dirib bo‘lmas holat. Aholining issiqqa chiday olmaydigan qatlami - keksa, bemor, nogiron, yosh bola, homiladorlarga bu holat salbiy ta'sir ko‘rsatishi kishini xavotirga soladi.

Bunga yana bir xavfli omil qo‘shilmoqda. BMTning prognozlariga ko‘ra, 2050 yilda sayyoraning aholisi 9,8 milliard kishidan iborat bo‘ladi. Ularning ko‘p qismi megapolislarda yashaydi. Bunday vaziyat atmosfera bugungi kunga qaraganda ko‘proq ifloslanishiga olib keladi. Ekstremal haroratga iqlim vaziyatini yanada yomonlashtirmasdan, sovutish tizimidan ommaviy foydalanmagan holda chidash uchun shahar yuzaga kelgan, bartaraf etib bo‘lmaydigan jarayonga moslashishi kerak. Hozir u aynan shu jarayonni boshdan kechirmoqda.

Ekologik arxitektura va biokonditsionerlar

Ba'zi arxitektorlar bu muammoni oldindan ko‘ra bilishgan. Ekologik arxitektura pionerii Vensan Kallebo (VincentCaillebaut) loyihalarni bir vaqtning o‘zida ekologik va issiqlikni yuta oladigan, havoni tozalaydigan qilib yaratadi. Parij munitsipaliteti buyurtmasiga asosan arxitektor 2050 yilga kelib shahar ekologiyasini yaxshilash bo‘yicha loyihani ishlab chiqdi. Arxitektorning tushuntirishicha, «joy yetishmasligi sabab Parij bog‘lari bino atrofida bo‘linmaydi. Binolarning o‘zi bog‘larga aylantiriladi. Binolarni ko‘kalamzorlashtirish, shaharni bog‘ga aylantirish shahar issiqlik oroli bilan kurashishda samarali bo‘lib, shahrimiz uchun bio-iqlim yaratadi».

Shahar binolarining ko‘kalamzorlashtirilishi shaharni isib ketishdan xalos etadi. Jamoat muhitida yashil zonalar yaratiladi. Shu yo‘l bilan shahar yashash uchun qulay holatga keladi. Unda hatto issiq havoda ham erkin nafas olish mumkin bo‘ladi. Energiyadan foydalanilmaydigan uylar issiqxona effekti kuchayishiga yo‘l qo‘ymaydi. Parij munitsipaliteti suv manbalarini ko‘paytirish, favvoralar qurishni ham rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, yangi binolar shamoldan intellektual va innovatsion usulda foydalanadi. Bu esa issiqlikni boshqarishning qiziq natijalarini yuzaga keltiradi. Masalan, iqlimshunoslikka mo‘ljallangan Meteodyn kompaniyasi Urbawind dasturiy ta'minotini ishlab chiqdi. U shahardagi shamol harakatini boshqaradi. Shunday qilib, shamoldan maksimal darajada foydalanish uchun binoning joylashuvi, derazalarning hajmini qo‘llash va turar-joy binosida havo aylanishini kafolatlash va uni bir necha gradusga sovutish mumkin.

Yana bir qiziq yechim bor. AQShning bir necha shaharlarida albedo deb nomlangan aks ettiruvchi qoplamadan foydalaniladi. Masalan, Los-Anjyelesdagi yo‘llarda an'anaviy qora asfalt o‘rniga oq qoplama bor. Shu usul orqali yer harorati ba'zi joylarda 10°Cga pasayadi. Bu esa o‘z navbatida binolarga ham ta'sir qiladi. Il-de-Frans institutida iqlim, havo va energiyani o‘rganishga mas'ul bo‘lgan Ervan Kordo (ErwanCordeau)ning aytishicha, «Quyosh radiatsiyasi tufayli kuchli albedo darhol osmonga jo‘naydi, shuning uchun energiya qoplamaning o‘zida to‘planmaydi».

Qoplamaning bunday uslubi binolar tomi uchun ham mos keladi. Bino tomini oq rangga bo‘yab, uydagi haroratini bir necha gradusga pasaytirish mumkin. Barcha uchun qulay, ekologik toza issiqlik nazorati.

Mavzuga oid