Sport | 11:35 / 02.11.2018
21294
7 daqiqa o‘qiladi

Sanktsiyalar tahdidi ostida. Moskvada AIBA prezidenti saylovi

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

2-3 noyabr kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida Xalqaro Boks Assotsiatsiyasining (AIBA) 2018 yilgi Kongressi bo‘lib o‘tadi.

AIBA`ning eng oliy organi hisoblanuvchi Kongress majlisida keyingi to‘rt yilda tashkilotga rahbarlik qiluvchi shaxslar – prezident hamda 5 nafar vitse-prezident (qit'a konfederatsiyalari prezidentlari) va Ijroiya Qo‘mitasi a'zosi lavozimga saylanadi. Saylangan nomzodlar Kongress o‘zi ishini yakunlashi bilanoq o‘z vazifasini bajarishga kirishadi, ularning vakolat muddati 4 yilni tashkil etadi.

Kun.uz muxbirining Moskvadan xabar berishicha, bugun – Kongressning ilk kunida tashkilotning 2014-2018 yillardagi faoliyatini hisob-kitob qilish va kelgusi 4 yillik rejalarni tasdiqlab olishga asosiy e'tibor qaratiladi. Caylovlar ertaga, 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Kongress
Shu yilning yanvar oyida AIBA prezidenti vazifasini vajaruvchi sifatida tasdiqlangan G‘ofur Rahimov bugun anjumanni kirish so‘zi bilan ochib beradi. Shundan so‘ng kun tartibidan o‘rin olgan qator masalalar, jumladan:

- o‘tgan galgi Kongress protokolini ma'qullash;
- AIBA Ijroqo‘mi, Komissiyasi va rasmiy texnik guruhi a'zolarini tasdiqlash;
- tashkilotga yangi a'zolarni qabul qilish va a'zolik borasidagi boshqa masalalar;
- tashkilot Ustaviga tuzatishlar kiritish;
- intizomiy choralar;
- Tokio Olimpiadasidagi boks musobaqasi kabilar muhokama etiladi.

Bugun, shuningdek, muvaqqat prezident G‘ofur Rahimov o‘zining qariyb bir yillik faoliyati yuzasidan ma'ruza qiladi, AIBA`ga a'zo 5ta konfederatsiya rahbarlarining hisoboti tinglanadi (Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Serik Qo‘naqbayev so‘zga chiqadi), tashkilotning 7ta komissiyasi o‘z taqdimotlarini o‘tkazadi.

Shu bilan birga, 2 noyabr kun tartibidan 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan yangi biznes-reja taqdimoti, AIBA`ning moliyaviy hisoboti va 4 yillik auditi to‘g‘risidagi sarhisobni tasdiqlash masalalari ham o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, AIBA Ijroiya qo‘mitasi 2017 yil noyabr oyi boshida o‘sha vaqtdagi prezident Ching-Kuo Vuni qator intizomiy ayblovlar va moliyaviy rastratada ayblab, uni qo‘mitadan vaqtinchalik chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Shundan so‘ng, noyabr oyi oxirida tayvanlik funktsioner o‘z xohishi bilan prezidentlikdan iste'foga chiqqan va uning o‘rnini vaqtinchalikka italiyalik Franko Falchinelli egallagan. 2018 yil yanvarida Kongressning navbatdan tashari majlisida Vuga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirgan va uning o‘rniga G‘ofur Rahimov prezident vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangan edi.

Endi 3 noyabr kuni o‘tkaziladigan majlisda G‘ofur Rahimov «v.b» qo‘shimchasidan xalos bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi nomzod

Serik Qo‘naqbayev / Foto: Kazinform

Rahimov avvaliga saylovda yagona nomzod bo‘lishi kutilgandi. Oktabr oyi boshida saylovda ikkinchi nomzod bo‘lishi kutilgan Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti, qozog‘istonlik Serik Qo‘naqbayev hujjatlarni vaqtida yetkazib bera olmagani va kurashdan chiqqani haqida ma'lum qilingandi. U o‘zini kamida 20ta davlat federatsiyasi qo‘llab-quvvatlashi haqidagi ma'lumotni jo‘natishda bir necha soatga kechikkandi.

Keyinroq Qo‘naqbayev Sport Arbitraj Sudiga (CAS) apellyatsiya berdi, 29 oktabr kuni esa tashkilot uning apellyatsiyasini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

«AIBA Saylov Qo‘mitasi ba'zi federatsiyalarning o‘z nomzodini ilgari surish uchun yuborgan hujjatlarini noto‘g‘ri shaklda bo‘lgani sababli noo‘rin ravishda qabul qilmagan, ammo bunday nomzodlik arizalari qoniqarli deb topilishi kerak edi. Shuning uchun ham Kengash Serik Qo‘naqbayev AIBA prezidentligi uchun talab etiladigan kamida 20 ta ovozni belgilangan muddat ichida to‘play olgan, deb hisoblaydi», - deyiladi sud bayonotida.

XOQ bilan nizo
Oktabr oyi boshida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi boks 2020 yilgi Olimpiada dasturidan chiqarib tashlanishi mumkinligini ma'lum qildi. Sentabr oyida esa XOQning etika va talablarga muvofiqlik masalalari bo‘yicha direktori Pakerett Jirar Zapelli G‘ofur Rahimovga maktub yo‘llab, tashkilot rahbari lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surmaslikka chaqirgani haqida xabar tarqalgandi.

Ultimatum ohangidagi mazkur maktubda G‘ofur Rahimov tashkilot prezidentligiga nomzodligini qaytarib olmasa,  bu XOQning Tokiodagi Olimpiada-2020 dasturida boksni saqlab qolish bo‘yicha qaroriga ta'sir o‘tkazishi mumkinligi, sababi u jinoyat olami bilan aloqalarda gumonlanishi haqida aytilgandi. 

Avvalroq AQSh Moliya vazirligi xorijiy aktivlar ustidan nazorat qilish bo‘yicha departamenti G‘ofur Rahimovni O‘zbekistonning eng asosiy jinoyatchilaridan biri sifatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Shuningdek, AQSh Moliya vazirligi Rahimovning AQSh dollarida istalgan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga taqiq qo‘yib qo‘ygan. 

Ayni vaqtda XOQ AIBA’ga nisbatan surishtiruv o‘tkazmoqda, surishtiruv ishlari fevral oyida boshlangan. Ushbu qaror XOQning Pxyonchxanda bo‘lib o‘tgan ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilingandi. XOQ AIBA’ning boshqaruv, moliya va dopingga qarshi masalalar bo‘yicha hisobotidan qoniqish bildirmagan. O‘shanda moliyaviy holat, bir qator nufuzli turnirlarda, xususan, Olimpiadadagi hakamlik bo‘yicha mojarolar tufayli 2006 yildan buyon AIBA’ga rahbarlik qilib kelgan Ching Kuo Vu iste'foga chiqib, uning vazifalarini Rahimov bajara boshlagandi.

Ching-Kuo Vu
© RIA Novosti. Ramil Sitdikov

Rahimov sanksiyalar tufayli prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida Argentina poytaxti Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan 2018 yilgi O‘smirlar olimpiadasiga tashrif buyura olmadi.

XOQ prezidenti Tomas Bax AIBA’ga e'tiroz faqat G‘ofur Rahimov nomzodi bilan chegaralanmasligini aytib o‘tgan.

«Gap faqatgina AIBA prezidenti lavozimiga nomzod [Rahimov] haqida ketayotgani yo‘q. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijro qo‘mitasi AIBA boshqaruvining yaxlit ko‘rinishi asosida o‘z pozitsiyasini bayon qildi. So‘nggi ikki oy ichida qabul qilingan qarorlarni bizga, agar sodda tilda aytadigan bo‘lsak, tushunish qiyin bo‘ldi», - degan Bax.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid