22:37 / 05.02.2019
30289

Ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan o‘zbeklarni qaytarish bo‘yicha real reja kerak​ - mutaxassis​

2018 yil Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e'lon qilindi. Yil davomida «innovatsiya» so‘zi ishlatilmagan nutq, ishlanma yo tashabbus qolmadi. Ammo innovatsiyaning asl mohiyati nima edi?  ​ ​

Har qanday foydali yangilik innovatsiya hisoblanadi. Agar bu yangilik tijoriylashsa, ya'ni bozorga chiqsa, bu innovatsiyaning samarasini ko‘rsatadi. Chunki jahon bozorida ham turli yangiliklar, o‘zgarishlar juda ko‘p bo‘lgan, lekin ularning barchasi ham muvaffaqiyatli yakun topmagan. 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda innovatsiyaga katta e'tibor qaratila boshlanganiga sabab asosan pulga borib taqaladi, deb hisoblaydi Karnegi tadqiqotchisi, Innovatsion rivojlanishi vazirligi loyiha rahbari Odiljon Abdurazzoqov. 

AQShdagi Harvard Business School, Kolorado davlat universiteti, Ozarboyjon Iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanishi vazirligi loyiha rahbari Odiljon Abdurazzoqov Kun.uz'ga innovatsiyalarga e'tibor qaratishning ahamiyati haqida gapirib berdi.

Video: TasIX

Video: Youtube

«Bir misol keltirib o‘taman. 2011 yilda Boku shahri ma'muriyati taksi bozoriga kirish uchun 1000 dona London stilidagi taksi sotib oldi, 1000 nafar haydovchi yolladi. 20 mln dollar mashina sotib olishga, taxminan 6 mln dollar haydovchilarning maoshiga ketadi. Ta'mir, benzin va boshqa xarajatlar bilan biznesni boshlab olish uchun taxminan 30 mln dollar sarflandi. 

«189» deb nomlangan, birorta ham mashinasi bo‘lmagan boshqa bir kompaniya bir yildan keyin taksi bozoriga kirib keldi. Kompaniya asoschisi ─ oddiy bank xodimi o‘zi har kuni mashinasida qatnaydigan ishi va uyi oralig‘idagi yo‘nalishda yo‘l-yo‘lakay yo‘lovchilarni olib ketishni yo‘lga qo‘yadi. Uzoq masofaga har kuni qatnaydigan mashina egalari shu usul ortida birlashadi va kompaniyaga asos solinadi. Hech qanday 30 mln dollarsiz bu kompaniya taksi bozorida muvaffaqiyat qozondi. Mana bu — innovatsiya», — deydi u.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda har bir soha innovatsiyaga muhtoj. 

«Innovatsiya vazirligining tarkibini ko‘radigan bo‘lsak, sog‘liqni saqlash, moliya, iqtisodiyot ─ umuman har bir sohaga innovatsiyani joriy etish bo‘yicha sektorlar mavjud. Mutaxassislaring fikricha, inson bir sohaga innovatsiya olib kirishi uchun shu sohadan xabardor, unda kamida 10 yil ishlagan bo‘lishi kerak. Boshqacha aytganda, shu soha uchun o‘rtacha 10 ming soat sarflagan bo‘lishi lozim. Ya'ni endi o‘z yo‘nalishida ish boshlagan injyener olamshumul innovatsiya yarata olmaydi. Shuning uchun innovatsiya asosida ilm va tajriba yotadi», — deb o‘z bilimlari bilan bo‘lishdi mutaxassis.

Odiljon Abdurazzoqov Germaniya, Niderlandiya, Ozarboyjon va AQSh oliy ta'lim muassasalarida ishbilarmonlik, moliya va innovatsiya ta'limi bo‘yicha ma'ruzalar o‘qigan. U vazirlikdagi faoliyatidan tashqari, Toshkent shahridagi Vestminster xalqaro universitetida ham ma'ruza o‘qiydi.  

«Shu bois biz ham umumiy o‘rta va oliy ta'limga urg‘u berishimiz kerak. Bunga bog‘liq ravishda 2018 yilda xalq ta'limini tubdan isloh qilish vazifasi qo‘yildi. O‘zbekiston innovatsion rivojlanish yo‘liga chiqishi uchun islohotlarning markazida ta'lim sifatini yaxshilash masalasi turishi shart. Maktabda sifatning yaxshilanishi esa u yerda dars beradigan pedagog kadrlarning malakasiga bog‘liq bo‘ladi. Demak, pedagog tayyorlovchi oliygohlardayoq talabalarga kreativ fikrlash, o‘ziga ishonch kabilar shakllantirilsa, ular o‘qishni bitirgandan keyin borib dars beradigan maktabida ham xuddi shu usulni qo‘llaydi.

Universitetning uchta asosiy vazifasi mavjud, aslida. Bizning sharoitda esa u faqat bitta vazifasini bajaradi ─ ta'lim. Lekin universitetning jamiyatda rahbarlik roliga ega bo‘lish hamda tadqiqot potensiali yuksak bo‘lish funksiyalari ham mavjud. Rivojlangan davlatlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin, masalan, AQShda, Turkiyada universitet professori kerak bo‘lsa, vazirga ham faoliyati bo‘yicha yo‘riq bera oladi. 

Universitetning har uchala vazifasini ro‘yobga chiqarishning yo‘li, menimcha, butun dunyo bo‘ylab ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan o‘zbeklarni qaytarish bo‘yicha real kuchga ega reja ishlab chiqilishi kerak.

Avvalambor universitetlar investitsiyani jihozlarga, texnikaga emas, kadrlarga ─ professordan tortib yosh o‘qituvchigacha yo‘naltirishi kerak. 

Ozarbayjon misolida ko‘radigan bo‘lsak, uning uchta universiteti eng yaxshi oliygohlar 700taligi reytingiga kirgan. Shularning ikkitasi xususiy. Ularda asosiy mablag‘ kadrlar potensialini oshirishga qaratiladi. Ya'ni magistr darajasidagi pedagogning tadqiqotni davom ettirib, nomzod darajasiga ko‘tarilishi uchun tirishadi. Biznes kompaniyalar ham universitet professorlaridan haq evaziga maslahat so‘raydi, uning tavsiyasi samaradorlikka xizmat qilishiga ishonadi. O‘zbekistonda ko‘radigan bo‘lsak, infratuzilma, bino, texnik baza yaxshi. Lekin 10 yil oldin magistr bo‘lgan o‘qituvchi haligacha o‘sha darajada ko‘tarila olgan emas. Inson kapitali investitsiyadan chetda qolmoqda», — deydi u. ​

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi

Top