Rossiya Davlat dumasi yalpi majlisda «bilib turib ekstremistik materiallar»ni internetda qidirganlik uchun 5 ming rublgacha jarima to‘lash haqidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga «Ochiq-oydin ekstremistik materiallarni qidirish va ulardan foydalanish huquqiga ega bo‘lish, shu jumladan kirishi cheklangan axborot resurslariga, axborot va telekommunikatsiya tarmoqlariga kirish uchun dasturiy-texnik vositalardan foydalanish» deb nomlangan 13.53-modda qo‘shildi.

«Ekstremistik materiallarni qasddan qidirganlik» uchun uch mingdan besh ming rublgacha ma’muriy jarima solinishi mumkin. Bundan tashqari, VPN xizmatlarini reklama qilish uchun 500 ming rublgacha jarima solishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi. Davlat dumasi, shuningdek, VPN xizmatlaridan foydalangan holda jinoyat sodir etishni og‘irlashtiruvchi holat sifatida tan oladigan tuzatishni ham qabul qildi.

Shu bilan birga, VPN'dan foydalanishning o‘zi «huquqbuzarlik hisoblanmaydi», deb tushuntirdi Davlat dumasining axborot siyosati, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Anton Gorelkin 16 iyul kuni.

Ammo, agar VPN «mas’uliyatdan qochish maqsadida» ishlatilgani isbotlansa, bu jiddiy og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanadi, deya deputatning so‘zlaridan iqtibos keltirgan »Interfaks» agentligi.