Inson o‘zi yashab turgan makon tarixi haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishga intilishi tabiiy hol. Har bir kishi «Asrlar silsilasi, tamaddun mening zaminimda qanday kechgan ekan?», degan savolga javob axtaradi. Buyuk Ipak yo‘liga daxldor Andijon qadimgi davrdan, bundan deyarli 2,5 ming yildan beri tamaddun sahnasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan azim shahardir.
Amir Temur va Temuriylar sulolasi Andijonda uzoq yillar hukmdorlik qilgani moziydan barchamizga ayon.
Sohibqiron Amir Temur hamda temuriylar haqida ta'lim dargohlari va ommaviy axborot vositalari orqali ma'lumotlar berib borilsa-da, ushbu shajara haqida baribir kamdek. Maqola tayyorlash jarayonida Andijon shahri aholisi vakillaridan Amir Temur bu shaharda bo‘lganini bilish-bilmasligiga qiziqib so‘rovnoma o‘tkazganimizda deyarli barcha yelka qisish orqali javob qaytardi.
Sababini esa borgan sari kitob mutolaa qiluvchilar soni ozayib borayotganidan izlash kerakdek. Chunki, o‘lkamiz haqida yuqori saviyada yozilgan tarixiy kitoblar juda ko‘p.
Maqola yozish davomida tarixchi olimlar Rustambek Shamsuddinov va Abdurahmon Ishoqovning «Andijon tarixidan lavhalar» kitobidan foydalandik.
Temuriylar davrida Andijon

«Andijon tarixidan lavhalar»da keltirilishicha, Andijon Amir Temur va temuriylar davrida ma'lum bir ma'noda mustaqillikka ega bo‘lgan yirik iqtisodiy va madaniy markazlardan biri bo‘lgan. Bu shahar Movaraunnahr viloyatlari va boshqa mamlakatlar bilan aloqalarni amalga oshirgan, bu yerda zarb qilingan pullar boshqa joylarda ham muomalada bo‘lgan.
«Tarixi Rashidiy»da Amir Temurning Movaraunnahr hududlarini birlashtirish uchun olib borgan ishlarida Farg‘ona vodiysi, xususan, Andijon viloyati o‘ziga xos strategik mavqega ega bo‘lgani bayon qilingan.
Amir Temur Sharqiy Turkistonni o‘z saltanati tarkibiga kiritish uchun Jyeta ulusiga besh marta harbiy yurish qilgan. Sarkarda 1375 yil boshida Jyeta ulusiga qarshi uchinchi yurishida Farg‘ona vodiysi va Sharqiy Turkistonning bir qismini Chig‘atoy mo‘g‘ullaridan tozalaydi. Lekin Amir Temur qo‘shiniga dug‘lat urug‘idan bo‘lgan, Jyeta ulusi hukmdorligiga da'vo qilgan amir Qamariddin jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Sohibqiron uchinchi yurishida amir Qamariddin qo‘shinlarini mag‘lub etib, ularni Qoshg‘ar taraflarga surib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
















