O‘zbekiston | 10:30 / 27.06.2019
18162
3 daqiqa o‘qiladi

«Kapitalbank»ga qarshi yangi sud ishi boshlandi – da'vo qiymati 400 million so‘m

Yodingizda bo‘lsa, Kun.uz sayti orqali «Xonobod Broyler» MChJga qarashli bo‘lgan mol-mulklar «Kapitalbank» ATB tomonidan noqonuniy egallab olingani haqida maqola e'lon qilingan edi.

«Xonobod Broyler» MChJ tugatish boshqaruvchisining «Kapitalbank» ATB Bosh ofisiga nisbatan Andijon viloyati, Xonobod shahri, Koinot ko‘chasi 41-uy manzilidagi parrandachilik kompleksi hududida bo‘lgan mol-mulklarni «Kapitalbank» ATB Bosh ofisining noqonuniy egaligidan olib berish to‘g‘risidagi da'vo arizasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan to‘liq qanoatlantirilgan va bu haqida ham saytimiz orqali ma'lumot berilgan edi.

Kuni kecha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Anvar Ibragimov raisligida «Xonobod Broyler» MChJ tugatish boshqaruvchisining «Kapitalbank» ATBning Bosh ofisiga nisbatan moddiy zarar undirishga doir da'vo arizasi yuzasidan yangi sud jarayonlari boshlandi.

Unga ko‘ra, suddan «Xonobod Broyler» MChJ tugatish boshqaruvchisi foydasiga «Kapitalbank» ATBning Bosh ofisidan 2018 yil avgust oyidan 2019 yil may oyiga qadar mol-mulklar noqonuniy egallab olinishi bilan bog‘liq holda ko‘rilgan zararni undirish so‘ralmoqda. Da'voning umumiy qiymati 409 mln. so‘mni tashkil qiladi.

Mazkur sud jarayonlari (sudyaning ruxsati bilan) Kun.uz sayti orqali belgilangan tartibda kuzatib borilmoqda. Keyingi sud majlisi 9 iyulga belgilangan.     

P.S.: Kun.uz sayti orqali 2018 yil noyabr oyida «Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?» sarlavhali material e'lon qilingani uchun «Kapitalbank» ATB Bosh ofisi tahririyatni bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazganlikda ayblab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritgan va ushbu material e'lon qilinishi natijasida boy berilgan 164 909 589 (bir yuz oltmish to‘rt million to‘qqiz yuz to‘qqiz ming besh yuz sakson to‘qqiz) so‘m foydani tahririyatdan undirish talabini qo‘ygani haqida ma'lum qilingan edi. Joriy yilning 20 iyun kuni mazkur ish bo‘yicha sud qarori e'lon qilindi. Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach uning mazmuni haqida jamoatchilikka ma'lumot beriladi.

Mavzuga oid