Kun.uz sayti orqali andijonlik tadbirkorning muammolari bayon etilgandi. Unda dastlab auksion orqali sotib olingan mol-mulklarni Andijon viloyati, Xonobod shahar «Koinot» ko‘chasi 41-uy manzilida joylashgan «Fozilmon Nasilli Parranda» MChJga tegishli bo‘lgan parrandachilik fabrikasi hududidan olib ketilishiga hokimlik va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan to‘sqinlik qilinayotgani yoritilgandi.

Hokimiyat va IIB bilan muammolar hal bo‘lgach, 2018 yil noyabr oyida «Xonobod Broyler» MChJga qarashli bo‘lgan mol-mulklar «Kapitalbank» ATB tomonidan noqonuniy egallab olingani haqida «Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?» sarlavhali material e'lon qilingan edi.

Tadbirkor tomonidan tahririyatga taqdim etilgan hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, «Xonobod Broyler» MChJ tugatish boshqaruvchisi «Kapitalbank» ATBning bosh ofisiga nisbatan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza bilan murojaat qilib, «Xonobod Broyler» MChJga tegishli bo‘lgan Andijon viloyati, Xonobod shahri, Koinot ko‘chasi 41-uy manzilidagi parrandachilik kompleksi hududidagi mol-mulklarni «Kapitalbank» ATB Bosh ofisining noqonuniy egaligidan talab qilib olib berishni so‘ragan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi F.Yodgorovning 2019 yil 14 fevraldagi hal qiluv qarori bilan da'vogarning da'vo talablari qanoatlantirilgan va «Xonobod Broyler» MChJga qarashli 84 dona beton ustun, 341 dona elektr energiyasi uchun beton ustun, 2 dona 9 metrlik videokuzatuv kameralari uchun ustun, 18700 p.metr AS-35 alyumin simi, 7 komplekt TP-400 10/04 transformator stansiyasi, 1 komplekt parranda so‘yish sexi uskunalaridan iborat mol-mulklar javobgar «Kapitalbank» ATB Bosh ofisining noqonuniy egaligidan olib berilgan. Shuningdek, qaror bilan «Kapitalbank» ATB Bosh ofisi hisobidan respublika budjetiga 5 458 000 so‘m davlat boji, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga 16 000 so‘m pochta xarajati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga 50 682 so‘m videokonferensaloqa rejimi xarajatlari uchun haq undirish belgilangan.

Mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan «Kapitalbank» ATB Toshkent shahar Iqtisodiy sudiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, sudning yuqorida qayd etilgan hal qiluv qarorini bekor qilish va da'vogarning da'vo talablarini rad etishni so‘ragan.

«Kapitalbank» ATBning shikoyati Toshkent shahar Iqtisodiy sudi apellyatsiya instansiyasi sudlov hay'atining 2019 yil 16 apreldagi qarori bilan qanoatlantirishdan rad etildi