29 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovlar ishtirok etdi.

Davlat rahbarlarining uchrashuvlari

Birinchi bo‘lib 28 noyabr kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov amaliy tashrif va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi.

Oliy martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng Turkmaniston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.

Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga amaliy tashrifi 28 noyabr kuni ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar va ularni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlik masalalariga, jumladan, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Hududlar o‘rtasida, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.