Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Sammit ishida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etmoqda.
Delegatsiyalar rahbarlarining birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.
So‘ng davlat yetakchilarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari hamkasblarini samimiy qutlab, ushbu uchrashuv hayot talabi, tomonlarning yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga intilishi ifodasi ekanini ta'kidladi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli oxirgi yillarda ko‘plab murakkab masalalarga yechim topildi. Bu ijobiy o‘zgarishlar xalqlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi hamda butun dunyoda yuqori baholandi.
Shu bilan birga, tez o‘zgarayotgan dunyoda yangidan yangi masalalar kun tartibiga chiqmoqda. Mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar, barqaror rivojlanishga xalal beruvchi omillar paydo bo‘lmoqda. Bu o‘zaro ishonchga asoslangan sheriklikni mustahkamlashni, sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishni talab etmoqda.
Yetakchilarning mazkur uchrashuvi oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
– Yaratganning inoyati bilan biz qo‘shnilarmiz. Xalqlarimizning tarixi va taqdiri, kelajagi chambarchas bog‘liq. Bu esa mintaqamizni birlashtiruvchi katta kuchdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha yagona nuqtai nazarni kelishish zarurligini ta'kidlab, uning asosiy yo‘nalishlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi, qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.



















