Fan-texnika | 20:31 / 16.12.2019
59693
4 daqiqa o‘qiladi

Internet qayerda tez va arzon?

Picodi.com analitiklari dunyodaning 62 mamlakatidagi 233ta cheklanmagan optik tolali internet provayderlari prays-listlarini o‘rganib chiqishdi.

Speedtest.net platformasi ma'lumotlariga ko‘ra, jahonda simli internetning o‘rtacha tezligi 70 Mbit/sni tashkil etadi. O‘z navbatida, 100 Mbit/s — 62 mamlakatdan 55tasida taklif etiladigan tezlikdir. 

Polsha, Ruminiya, Fransiya va Singapur kabi davlatlarda yirik internet provayderlar bunday «past» tezlikni taklif qilmaydi. Polsha va Ruminiyada minimal tezlikdagi tarif — 150 Mbit/s, Fransiyada — 200 Mbit/s, Singapurda — 500 Mbit/s.  

100 Mbit/s tezlikdagi internet qayerda arzon?

Ro‘yxatda qayd etilgan mamlakatlar orasida 100 Mbit/s tezlikdagi internet uchun eng katta to‘lovni JAR aholisi to‘laydi — oyiga o‘rtacha 87 dollar. Islandiya va Norvegiyada bu tezlikdagi internet uchun oyiga 69 dollar to‘lanadi.

Sharqiy Yevropadagi ayrim davlatlarda 100 Mbit/s tezlikdagi internet uchun to‘lov judayam arzon: Moldovada — oyiga 9,66 dollar, Rossiyada — 7,68 dollar va Ukrainada — 6,19 dollar.

Picodi.com analitiklari O‘zbekistonni 100 Mbit/s tezlikdagi internet uchun to‘lovning qimmatligi bo‘yicha 11-o‘ringa qo‘yishgan. Ularning ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda bu tezlikdagi internet uchun oyiga 51,22 dollar to‘lanadi. (Ayni paytda «O‘zbektelekom» oyiga 599 ming so‘m evaziga (62 dollar) 100 Mbit/s tezlikdagi cheklanmagan internet tarifini taklif etmoqda.

Bir xil narx – har xil tezlik

Analitiklar shuningdek, oyiga 20 dollar evaziga qanday tezlikdagi internetga ega bo‘lish mumkinligini ko‘rib chiqishdi. Ularga ko‘ra, Vengriya, Hindiston, Latviya, Moldova, Ruminiya va Ukrainada ushbu narxga 1 Gbit/s tezlikdagi internetdan foydalanish mumkin.

Tojikistonda esa 20 dollarga 1 Mbit/s tezlikdagi internetga ega bo‘linadi.

O‘zbekistondagi ko‘rsatkich 20 Mbit/s deb e'tirof etilgan.

O‘zbekistonda internet tezligi 10 barobarga oshirildi (mi?)

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbektelekom» AK 2018 yil 1 dekabrdan O‘zbekistondagi internet tezligi 10 barobarga oshirilishini e'lon qilgandi.

Oradan bir hafta o‘tgach Kun.uz'ning Telegram-kanalida o‘tkazilgan va 28 mingga yaqin kishi ovoz bergan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 74 foizi (20 mingdan ortiq kishi) internet tezligida o‘zgarishni umuman his etmaganini bildirgan, faqat 3 foizi (723 kishi) jiddiy va ijobiy o‘zgarish yuz berganiga ishonishini aytgan, 10 foiz respondent (3 ming) esa qanchadir miqdorda sifat oshganini e'tirof etgandi.​

2019 yil yozida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining tijorat masalalari bo‘yicha direktori Alisher Zufarov «O‘zbekistonda internet tezligi qachon haqiqatan ham 10 barobarga oshiriladi?» degan savolga quyidagicha javob qaytardi:

«O‘zbektelekom» AK tomonidan Xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shu tariqa XPKM komplekslarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 barobar: o‘zgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha o‘sdi.

Bu — O‘zbekistonda internet tezligi 10 marta yaxshilandi, degani. Endi esa kabellar va boshqa internet qurilmalarini yangilash, ana shu tezlikka moslash kerak».

Mavzuga oid