O‘zbekiston | 15:50 / 23.12.2019
15341
2 daqiqa o‘qiladi

Dekabr oyida 15 nafar ichki ishlar organi xodimi ishdan bo‘shatildi

13 dekabr. Samarqandda o‘tgan yig‘ilishda 8 xodim ishdan olingan

Ichki ishlar vazirligi tomonidan soha faoliyati natijadorligini oshirish maqsadida 2019 yilning dekabr oyi davomida 8ta hududiy boshqarmada tezkor yig‘ilishlar o‘tkazildi.

Ushbu yig‘ilishlar davomida xizmat faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 15 nafar xodim ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, 27 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilib boshqa ishga o‘tkazilgan; 6 nafar xodimning maxsus unvoni bir pog‘ona pasaytirilgan; 30 nafar xodimga qattiq hayfsan, hayfsan va tanbeh berilgan; 91 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazoga tortilishi haqida tegishli taklif kiritilib, 363 nafar xodim intizomiy jazoga tortilishi haqida ogohlantirilgan.

Shu bilan birga, o‘z xizmat burchini mas'uliyat bilan sitqidildan, halol bajarayotgan, ijobiy natijalarga erishgan 5 nafar xodimni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritilgan.

«O‘tkazilgan yig‘ilishlarda rahbariyat tomonidan quyi tizimlarida xizmat olib boruvchi barcha xodimlarga berilgan topshiriqlar birma-bir tushuntirilib, xodimlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi», – deyiladi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid